Bi-bi-si O‘zbek xizmati Toshkentda ilk bor taqdirlandi

Bi-bi-si O‘zbek xizmati Toshkentda ilk bor taqdirlandi

Toshkentda o‘tgan Ijtimoiy media mahsulotlar X milliy festivalida Bi-bi-si O‘zbek xizmati “O‘zbekiston do‘stlari“ diplomi va esdalik belgisi bilan taqdirlandi. Bu haqda "azon.uz" xabar bermoqda.

Marosimdan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashgan Bi-bi-si O‘zbek xizmati bosh muharriri Xayrullo Fayz BBC Oʻzbek hozirga qadar ko‘plab xalqaro mukofotlarni olgani, “O‘zbekiston do‘stlari“ diplomi Bi-bi-si jurnalistlari faoliyati O‘zbekistonda ham e’tirof etilayotganining belgisi ekanini aytgan.

“To‘g‘risi kutmagandim. Bibisi o‘zbek xizmati bir necha xalqaro mukofotlarni olgan. Ammo O‘zbekistonda hech qachon bu tarzda taqdirlanmagan. Bibisi birinchi marta O‘zbekistonda do‘st sifatida taqdirlandi. Umid qilamanki, bu taqdirlov o‘zbek hukumatining Bibisiga nisbatan munosabati iliqlashgani, qandaydir ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani nishonasidir. Bibisi dunyoni O‘zbekistonga, O‘zbekistonni dunyoga tanitishda davom etadi“,- deya Xayrullo Fayzdan iqtibos keltirgan Turon24 agentligi.

Ijtimoiy media mahsulotlar X milliy festivali “O‘zbekistonning madaniy merosi jahon to‘plamlarida“ loyihasi doirasida o‘tkazilgan. O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘ygan loyihaning maqsadi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish ekani aytiladi.

Eslatib o‘tamiz, Bibisi O‘zbek xizmati O‘zbekistonda rasman e’tirof etilgan bo‘lishiga qaramay, hali hanuz ushbu saytga to‘siq qo‘yilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!