Bayden AQShni necha yil boshqara oladi?

Bayden AQShni necha yil boshqara oladi?

Jo Bayden saylovlarda yuqori natija ko‘rsatib, Amerika qo‘shma shtatlari prezidentligiga juda yaqin turgani sabab bir qancha dunyo ekspertlari tomonidan uning boshqaruvi qanday bo‘lishi va qanchaga cho‘zilishi borasida taxminiy fikrlar bildirilmoqda.

Rossiya Fanlar akademiyasining Xavfsizlikni o‘rganish markazi eksperti Konstantin Bloxin “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida Jo Bayden agar saylovda g‘alaba qozonsa, birinchi prezidentlik muddati tugaganidan keyin 2025 yilda siyosatni tark etadi, deya ta’kidladi.

Uning fikriga ko‘ra, yoshi va sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar Baydenga shtatni bir muddatdan ko‘proq boshqarishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Baydenning shifokori siyosatchining oyog‘ida suyak sinishi bilan bog‘liq jarohat borligini qayd etgan.

“Bayden hukmronligining haqiqiy ssenariysi shundayki, sog‘lig‘i tufayli Bayden mamlakatni samarali boshqarolmaydi. Bunday vaziyatda Amerikani Bayden g‘alaba qozonsa vise-prezident bo‘lishi kutilayotgan Kamala Xarris boshqaradi”, deydi Konstantin Bloxin.

Ekspertning ta’kidlashicha, Baydenning potensial prezidentligi Jorj Bush prezidentligiga judayam o‘xshaydi, o‘shanda hokimiyat vise-prezident Dik Cheyni va uning atrofidagilarning qo‘lida qolgan edi. Aslida, Cheyni AQShning tashqi va ichki siyosatini boshqargan.

Shu bilan birga, Bloxin oyog‘idagi jarohat Baydenning AQSh prezidenti bo‘lish imkoniyatiga ta’sir qilmasligiga aminligini ham ta’kidlagan.

78 yoshli Jo Bayden shu paytgacha davlat rahbari etib saylangan eng keksa prezident bo‘ladi. Uning sog‘lig‘i Tramp va boshqa respublikachilar tomonidan bir necha bor muhokama qilingan.

Jarohat olganiga qaramay, Baydenning birinchi prezidentlik brifingi bugun, 30 noyabr kuni tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, AQShda prezidentlik saylovlari 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Amerikaning yetakchi ommaviy axborot vositalari va demokratlari Baydenning g‘alabasini allaqachon e’lon qilishgan. Mamlakatning amaldagi prezidenti, respublikachi Donald Tramp esa mag‘lubiyatni qabul qilmadi. U saylovlarda g‘olib bo‘lganini bir necha bor e’lon qildi, shuningdek, AQShning bir qator shtatlaridagi ovozlarni qayta sanab chiqishni talab qilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq saylamaydi, lekin har biriga saylovchilarning mutanosib ovozi berilgan shtatlar tomonidan saylanadi. 3 noyabr kuni xalq ovozi bilan ularning vakolatlari tasdiqlandi. G‘alaba qozonish uchun prezidentlikka nomzod 538 saylovchidan iborat kollej a’zolarining 270 ovozini to‘plashi kerak. Dekabr oyida kollej a’zolari o‘z shtatlari markazida yig‘ilib, prezidentlik uchun o‘zlarining shaxsiy ovozlarini beradilar, bu esa yangi davlat rahbarini rasman belgilaydi.

Saylov kolleji a’zolari 14 dekabr kuni ovoz berishlari kerak. 2021 yil 6 yanvarda Kongressning ikkala palatasining qo‘shma yig‘ilishida saylovchilar kollejidagi ovoz berish natijalari tasdiqlanadi va 20 yanvar kuni saylangan prezidentning vakolatini qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!