Bahs: Professor Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining fikriga keskin qarshi chiqdi!

Bahs: Professor Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining fikriga keskin qarshi chiqdi!

Filologiya fanlari doktori, professor Samixon ASHIRBOYEV bugungi kunda kompetentli kadrlar tayyorlash va ish beruvchilar tizimidagi mavjud dolzarb muammolarni tahlil qilar ekan, Bandlik munosabatlari va mehnat vazirining fikrini keskin tanqid qildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining telegram kanalida xabar berildi

XXI asr yuksak texnologiyalar va jamiyatda siyosiy voqealarga boy asr sifatida tan olinmoqda. Bu asr shunisi bilan xarakterliki, fan-texnika, ijtimoiy munosabatlar, menejment kabi sohalar dadil va qizg‘in rivojlanmoqda, bozor munosabatlari yanada avj olmoqda, kadrlar tayyorlashda ham misli ko‘rilmagan yangiliklar kirib kelmoqda. Ayniqsa, kompetentli kadrlar, u o‘rta maxsus, oliy ta’lim bo‘lsin, tayyorlashga dunyoning barcha davlatlarida, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham dolzarb masala sifatida qaralmoqda. Bunga hayotning o‘zi majbur qilmoqda. Ha, kompetensiya har qanday kadrning ko‘rki, uning jamiyatda o‘z o‘rnini topib olishi uchun muhim bilim va malakalar majmuidir. Xo‘sh, O‘zbekiston Respublikasida kadrlarning kompetensiyasini ta’minlash masalasi hal qilinganmi? Bu savolga faqat balandparvozlik bilan yo‘q degan javobni beradiganlar ham topilib qolmoqda. Bu so‘z turli toifadagi amaldorlar, keyinchalik o‘z o‘rniga da’vogar bo‘lishidan qo‘rqishga tushgan, o‘z korxonasi, muassasasi istiqbolidagi kadrlarini o‘ylamaydigan shaxslar, ta’lim muassasalariga tosh otishga ishqivozlar, ya’ni o‘z ishlarining yurishmasligini ta’lim muassasasiga ag‘daradiganlar, boshqacha aytganda, shu yo‘l bilan go‘yo katta shov-shuv ko‘tarishni yaxshi ko‘radigan shaxslar nutqida uchrab turadi. Afsuski, ularning barchasi o‘z lavozim majburiyatlarini bajarishdagi kamchiliklari yoki ish bilmasliklarini yashirish uchun ta’lim muassasalarini ayblash bilan o‘z uddaburon liklarini ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillik yillarida, aniqrog‘i, 2017 yildan e’tiboran, ta’lim tizimida misli ko‘rilmagan darajada taraqqiyot yuz berayotganini, O‘zbekistondagi ta’lim mazmuni jahonning taraqqiy etgan davlatlari va o‘z tajribalarimiz asosida tubdan isloh qilinganligini, ta’lim tizimimiz, uning sifati naqadar o‘sayotganini, tayyorlanayotgan kadr salohiyatini xo‘jalik tizimida ko‘p yillar ishlab, shu tizim bilan o‘ralishib qolgan ayrim shaxslar payqamagan bo‘lishiga endilikda ajablanish kerak bo‘lmay qolibdi.

To‘g‘ri, ta’lim, shu jumladan, oliy ta’lim sohasida ham amalga oshiriladigan ishlar talaygina. Ular modernizasiya, integrasiya, optimizasiya va boshqa jarayonlarda dunyo amaliyoti bilan baravar qadam tashlab boraveradi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, biz bozor iqtisodi sharoitida yashamoqdamiz, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va uning sifatiga, kadrlar raqobatbardoshligiga talabni bozor qo‘yadi. Buni hozirgi kadr tayyorlovchi barcha muassasalar va ish beruvchilar yaxshi anglab yetgan. Afsuski, har sohada bir qusur deganlaridek, ta’lim sifati va kadrlar raqobatbardoshligi dushmani ham bor. Ular ta’lim muassasalariga tasodifan kirib, ( o‘zbekchilik , talabchanlikning bo‘shashishi tufayli) arang bitirganlardir. Kadrlar sifati mana shu joyda oqsaydi. Uning sabablari va aybdorlari barchaga ma’lum. 2018 yildan e’tiboran qabul qoidalariga yangiliklar kiritilishi munosabati bilan bu kamchiliklarimiz ham barham topishiga ishonamiz. Bu toifa kadr larini nazarda tutib, ta’lim tizimiga salbiy munosabatda bo‘lish faqat oliftagarchilikning o‘zginasidir. Bu toifa kadrlar ham turmush talablari bilan keyinchalik yaxshi mutaxassis bo‘lib ketishgan, boshqalarini esa bozor qabul qilmaydi. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Ish beruvchilar kadrlarni chertib-chertib olaversin.

Har qanday ta’lim muassasasi ta’lim oluvchini Davlat ta’lim standarti talablari (Davlat talablari) va unda ko‘zda tutilgan kvalifikasiya bilan minimum darajada qurollantira oladi, boshqacha aytganda, ishlab chiqarishda ishlab keta oladigan malakani bera oladi. Keyingi gap ish beruvchilarning o‘ziga qoladi.

Ta’lim muassasasini tamomlab, yangi ishga borgan kadrni muayyan ish stajiga ega bo‘lgan kadr bilan tenglashtirib, undan tajribali shaxs darajasida ishlashni talab qilish, avvalo, inson shaxsini tahqirlash ekanligini, qolaversa, endigina hayotga kirib kelayotgan kadrni o‘zi egallagan hunari, ixtisosligidan bezdirib yuborishini har qanday rahbar anglab yetadigan davr keldi. O‘sha rahbar ham: O‘qishni bitirib ishga kelgan vaqtimda o‘zim qanday edim , deb fikr qilishni unutib qo‘ymasligi kerakmikan?

Azaldan har qanday korxona, muassasa rahbarlari o‘ziga kerakli bo‘lgan kadrni topish harakatida bo‘lgan: ta’lim jarayonida, ya’ni amaliyot o‘tash davrida, o‘qishni tamomlagach, stajyorlik davrida ish faoliyatida zarur bo‘ladigan kompetensiyalarni ularda shakllantirib olish an’anasi bor edi va bu hozir ham davom etmoqda, aksincha, qoniqmaslik sindromi chilar o‘ylaganidek, bu ishlarga ta’lim muassasasining ishi deb qaralmagan. Uch oylik kursni bitirib traktorchilik kasbini egallashi mumkin, lekin u tom ma’nodagi traktorchi emas-da! Uning uchun tajribali traktorchi yonida olgan bilimlarini hayotga tatbiq etish malakasini hosil qilishi lozim bo‘ladi. Oliy ta’lim muassasasini bitirgan shaxs ham faoliyatining dastlabki yilida ustoz-shogird tizimida stajyorlik amaliyoti borligini o‘sha rahbarlarimiz unutishayotgan bo‘lsa, yana ehtimol. Demak, ta’lim muassasasini bitirishi bilanoq mehnat faoliyatini boshlagan kadrga nisbatan bir tomonlama yondashish mutlaqo xato bo‘ladi. Kadr uchun, avvalo, buyurtmachi kurashishi kerak, ana shunda mehnat vazirligiga ish qolmaydi, qolaversa, tanqis xizmat turlariga kadrni jalb qilishda bozor iqtisodiga asoslanilishi mutlaqo haqiqat bo‘lib chiqadi. Ana shundagina yaxshi kadrni ish beruvchilar saqlab qola oladi. Zaruriyat bo‘lsa, Vatanimizning muayyan sohalari rivojlantirilgan korxona, muassasalarida va xorijda malaka oshirib, qayta tayyorlanib kelishlariga imkoniyat topishlari har bir rahbarning lavozimgina emas, balki ijtimoiy burchidir. Oddiy traktorchi, kranchi yo‘q deb ta’lim tizimini qoralash bilan uning martabasi ulug‘ bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi ishlayapti. Ha, ishlayapti! Agar ayrim oliftalar ta’kidlaganidek, ta’lim tizimi ishlamayotgan bo‘lsa, o‘z korxonalarimiz, biznes va muassasalarimizni bir chetga surib qo‘ysak-da, AQSH, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Yevropaning qator davlatlarida yuksak texnologiyalarda faoliyat ko‘rsatadigan korxona va muassasalarida, biznes sohasida bizning kadrlarimizning muvaffaqiyat bilan ishlashayotganligini sindromchi lar bilmasligi mumkin emas. Kun.uz saytining bergan ma’lumotiga (2019 yil 23 aprel) ko‘ra, so‘nggi 3 oy davomida Respublikamizning 900000 fuqarosi xorijga ishga chiqib ketgan. Ular bilimsiz, yetarli kompetensiyaga ega bo‘lmagan shaxslarmasdir? Buni mehnat vazirligidagilar atroflicha tahlil qilishi va jiddiy chora ko‘rishi lozimligini tushuntirib qo‘yish kerakmikan? Ularni o‘z Vatanimizda ish bilan ta’minlashni eplay olmagan mutasaddi nega ta’lim tizimidan kamchilik axtaradi? Yaxshi traktorchi, santexnik va kranchilar ham shu mamlakatlarda muvaffaqiyat bilan ishlab kelmoqdalar-ku.

Endi nega yaxshi mutaxassislar ketib qolmoqda, degan savolga javob berish vaqti yetdi. Javob aniq. Bizda yaxshi mutaxassis ham, o‘rtamiyona mutaxassis ham mehnat vazirligi o‘rnatgan me’yorlar asosida bir xilda maosh oladi, ehtimol, bir razryad farqi bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, ba’zan rag‘batlantirish beriladi.

Bilimdon rahbarlarimiz ko‘pincha xorij tajribalarini esga oladi, lekin kompetentli kadr (bu o‘rinda o‘sha traktorchi, santexnik, kranchi ham ko‘zda tutilmoqda) mehnati yetarli darajada qadrlanmasligiga kim aybdor? Xorij davlatlari tajribasidagi shartnoma tizimining ustuvorligi nega o‘rganilmaydi? Futbol jamoalaridagi ayni bir harakatlar uchun mahorati, jamoadagi o‘rni va boshqa xislatlariga asoslanib, o‘yinchilar bilan osmon va yerdek farq qiladigan shartnomalar tuziladi. O‘z ishining ustalariga nega shu tizimni joriy qilish mumkin emas? Bu korxonaning foydasiga ishlaydi-ku! Bunday ish tutilsa, yoshlar o‘rtasida kasblarga va sifatli bilim olishga bo‘lgan qiziquvchilar armiya sining ko‘payishi aniq-ku!

Yana bir gap. Qisqa kurslarni bitirgan shaxslarni oliy ma’lumotli mutaxassisdan ustun qo‘yishda mehnat vazirligidagi rahbarlar va majlis ahli quyushqondan chiqib ketibdi. Emishki, kimdir Sharqshunoslik yoki Jahon tillari universitetining qizil diplomi bilan, kichik qizaloq esa ko‘chadan IELTS 6.0 bilan oldingizga kelsa, ulardan keyingisini tanlagan bo‘lar emish. Ana, Sizga saviya! Axir, xorijiy tillarda IELTS 6.0 va TOEFL dasturi va testlarini bajargan shaxslarni kim tayyorlaydi? Ularni shu qizil diplomli oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlayotganini nahotki sindromchi lar unutishgan bo‘lsa? Ta’kiddlash joizki, har bir ta’lim turida muayyan sohaning o‘z standart talablari va buyurtmachilarning talablariga ko‘ra kadr tayyorlanadi. Shu o‘rinda O‘zbekistondagina emas, qo‘shni davlatlarda ham e’tiborga molik bo‘lib kelayotgan, aksariyat kadrlari davlatimizning turli rahbarlik lavozimlarida muvaffaqiyat bilan ishlab turgan Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti sha’nini oyoq osti qilishga kim huquq berdi ekan? Bunday gaplarni aytishda javobgarlik degan his bo‘lishi kerak rahbarda. U yoki bu tilni, shu jumladan, ingliz tilini ta’lim muassasasida o‘qimay turib ham oilada o‘rganib olganlar ozmunchami? Bunda ham yuqorida eslatilgan ta’lim muassasalari aybdor bo‘lib qolaveradimi? Demak, Qoniqmaslik sindromi chilar uchun endilikda oliy ma’lumotli kadrlar kerak emas ekan-da!

O‘zbekiston Respublikasida ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarning aksariyati xalqaro standartlarga mos keladi, lekin bu borada muayyan ishlar davom etishi kerak, ammo Qoniqmaslik sindromi chilarning ta’lim sifatini qisqa kurslarni bitiruvchilarga berilayotgan hujjat nomlaridan qidirishi mutlaqo asossizdir. Albatta, bunday yondashuv, mantiq, haqiqatdan yiroq, shu bilan birga, ayrim hujjat nomlarining differensiyalanishi asosida o‘z mustaqil nomlariga ega bo‘lishi to‘g‘risida fikr yuritish mumkin, masalan, guvohnoma, sertifikat, attestat, diplom kabi nomlanishlar toraytirilishi kerak, jumladan, diplom hujjati faqat oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim hujjati sifatida qolishi kerak. Xorijiy tildagi hujjat nomini aynan ko‘chirish maqsadga muvofiq emas, shu ma’noda ingliz tilidagi Skils Passport nomi O‘zbekistonning Davlat tili haqida gi qonuniga xilof, balki uni hujjatning ingliz tilidagi nusxasida saqlab qolish mumkindir.

Bizning nazarimizda, mehnat vazirligi ta’lim muassasalarini ochish bilan emas, balki ta’lim muassasalari yetishtirib bergan kadrlarni joylashtirishda vositachilik, kadrlar prognozi kabi o‘z vazifalarini ado etishi to‘g‘ri bo‘lar edi. Nadomat shuki, Qoniqmaslik sindromi boshdan oxirigacha bizni qoniqtirmadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!