Andijonda xotin-qizlar jinoyatchiligi va oilaviy ajrimlar nega ko‘paygan?

Andijonda xotin-qizlar jinoyatchiligi va oilaviy ajrimlar nega ko‘paygan?

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan Oliy Majlis palatalari Kengashlarining kengaytirilgan qo‘shma majlisida Andijon viloyatida xotin-qizlar jinoyatchiligi, ayniqsa, oilaviy ajrimlar ortib ketganligi tanqid ostiga olindi. 

Umuman, bu borada viloyatda holat qanday, ahvolni yaxshilash bo‘yicha nima ishlar olib borilmoqda? O‘zA muxbiri ana shu savollar doirasida Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova bilan suhbatlashdi.

– Viloyatda xotin-qizlar jinoyatchiligi bo‘yicha holat qanday, huquqbuzarlik va jinoyatchilik asosan qaysi yo‘nalishlarda ortgan?

– Viloyatimizda xotin-qizlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari, bunga olib kelayotgan omil va sabablarni o‘rganish, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Biroq shunga qaramasdan opa-singillarimiz ishtirokida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining qayd etilayotganligi bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz kerakligini taqozo etadi.

Xususan, viloyatda joriy yilning 7 oyida ayollar tomonidan 286 ta jinoyat sodir etilgan. Bundan tashqari, erta tug‘ruq, oilaviy ajrimlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ortgan, 52 nafar xotin-qiz o‘z joniga qasd yoki suiqasd qilgan. Qayd etilgan jinoyatlarning asosiy qismini firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish, qonunga xilof ravishda chet elga chiqishga urinish, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan davlat mulkini talon-toroj qilish, o‘zgalar mulkini o‘g‘irlash, qasddan tan jarohati yetkazish tashkil etdi. Jalaquduq tumanida esa 1 nafar qotillik sodir etildi.

– Mavjud holatni yaxshilash bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?

– Ushbu holatlar hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining Qo‘shma yig‘ilishida muhokama qilinib, tizim va mutasaddi idoralarga bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha vazifalar belgilangan. 

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda mavjud holatni yaxshilash, jinoyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanib, tizimli ishlar tashkil etildi. Jumladan, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarining oldini olish bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlik Memorandum imzolanib, qator yo‘nalishlarda ishlar olib borilmoqda. 

Jinoyat sodir etishga moyilligi bo‘lgan 83 oila, jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan 102 ayol, jinoyat sodir etgan 315 nafar xotin-qizning oilasi, shuningdek, 462 ta notinch oilalar bilan yakka tartibda ish olib borish yo‘lga qo‘yildi. Notinch oilalar va jinoyatchi ayollarning har biriga jamoatchilik vakillari, mahalla faollaridan iborat murabbiylar biriktirildi.

Muqaddam sudlanib, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan 50 nafar xotin-qizni ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish va psixologik-ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida ular alohida nazoratga olindi. Jumladan, 11 nafarining bandligini ta’minlashda, 13 nafarining salomatligini tiklashda ko‘maklashildi. 15 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi, 12 nafariga huquqiy, 9 nafariga psixologik maslahatlar berildi.

Aholi xonadonlarini o‘rganish davomida oila-turmush doirasidagi hamda xotin-qizlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan 430 ta jinoyatning oldi olindi.

Viloyatdagi sektorlar tarkibida ish olib borayotgan xotin-qizlar qo‘mitalari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 120 ming 807 xonadonga kirib, 21 ming 230 ta muammo aniqlandi. Ularning 13 ming 59 tasi o‘sha joyning o‘zida, 2 ming 998 tasi tuman miqyosida, 49 tasi viloyat darajasida hal etildi. 

– Viloyatda oilaviy ajrimlarning ortib ketishini qanday izohlaysiz?

– Darhaqiqat, joriy yilning o‘tgan davrida 1973 ta oilaviy ajrim qayd etilib, o‘tgan yilga nisbatan ortgan. Bu albatta barchamizni jiddiy tashvishga soladi, ajrimlarning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarurligini ko‘rsatadi. 

Tahlillarga ko‘ra, qaynona-kelin, quda-andalar va boshqa oila a’zolar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, farzandsizlik, qonuniy nikohi bekor bo‘lmasdan erkakning boshqa ayolga shar’iy nikoh asosida uylanib olishi, erkak yoki ayolning chet elga ishlash uchun chiqib ketganligi, oila boshlig‘ining ichkilikka berilishi singari omillar ajrimlarga asosiy sabab bo‘lmoqda. 

Viloyatda bu boradagi ishlarni yaxshilash bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimining farmoyishi bilan “Oilalar mustahkamligini ta’minlash oyligi” o‘tkazildi. Oylik doirasida viloyatdagi notinch, ajrim yoqasida turgan, turli muammolari bo‘lgan oilalar qayta xatlovdan o‘tkazildi, mazkur oilalarda tinchlik-xotirjamlik, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari doimiy ravishda o‘tkazib borilmoqda. 

Jumladan, tuman-shahar hokimliklari, xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan davra suhbati, muloqot va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bundan tashqari, 2298 ta turli muammo va kelishmovchiliklari mavjud oilalar aniqlanib, 1514 tasidagi muammolar bartaraf etildi. Aliment to‘lovidan bo‘yin tovlab yurgan 1439 nafar otalardan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun pul undirildi. Xonadonidagi kelishmovchiliklar tufayli ota-onasining uyiga ketib qolgan 818 nafar ayol oilasiga qaytarildi. Shar’iy nikoh bilan yashab kelayotgan 3 ming 965 oilaning 1492 tasi nikohi qonuniy rasmiylashtirildi, 1550 oila ajralib ketishining oldi olindi.

Bundan tashqari, er-xotin, qaynona-kelin, qaynona-kuyov hamda oilaning boshqa a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ularning har biri bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, murosaga keltirilmoqda. Bunday oilalarga mahalladagi namunali oilalar vakillari, mahalla faollari, Haj ziyoratini ado etgan otaxon va onaxonlardan iborat murabbiylar biriktirilmoqda.

Haftaning har chorshanbasi viloyatda “Oilalarni mustahkamlash kuni” deb belgilangan bo‘lib, o‘sha kuni oilalarni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

– Notinch oilalardagi holatni yaxshilash hamda qiyin sharoitlarda turmush kechirayotgan ayollarning turmushini yaxshilash borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

– Ming afsuski, ayni kunda viloyatimizda 529 notinch oila, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 3 ming 965 nafar xotin-qiz ro‘yxatga olingan. 

Har bir notinch oila bilan bevosita ishlash tartibi joriy etildi. Ularning muammolari o‘rganilib, jamoatchilik vakillari biriktirilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida notinch oilalarning 104 tasiga moddiy yordam ko‘rsatildi, 18 nafarining kommunal to‘lovlari to‘lab berildi, 12 nafarining yashash joyi, 28 nafarining bandligini ta’minlash, 16 nafariga kredit ajratish bilan bog‘liq muammo hal etildi. Olib borilgan ishlar natijasida 214 ta oiladagi muammolar to‘la bartaraf etildi. 

Viloyatda og‘ir turmush sharoitida yashayotganlarning aksariyatini nogironligi bor ayollar, kam ta’minlangan oilalar vakillari tashkil etadi. Bu ayollarning 1282 nafariga salomatligini tiklash uchun tibbiy yordam ko‘rsatildi, 1223 nafarining bandligini ta’minlandi, 2059 nafariga moddiy yordam berildi. 

Prezidentimizning joriy yilning 19-20 may kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlariga asosan, qiyin sharoitlarda yashayotgan, inqirozli holatlarga tushib qolgan, xorijiy davlatlardan deportasiya qilingan opa-singillarimizga ijtimoiy, huquqiy va psixologik ko‘mak berish maqsadida viloyatda faoliyat olib borayotgan “Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish markazi faoliyati yanada takomillashtirildi. Ayni kunda Andijon shahri, Asaka, Baliqchi, Izboskan, Oltinko‘l, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida ana shunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!