Andijonda o‘zlarini AOKA xodimi sifatida tanishtirib, bog‘cha mudirasidan pul olgan shaxslar qo‘lga olindi

Andijonda o‘zlarini AOKA xodimi sifatida tanishtirib, bog‘cha mudirasidan pul olgan shaxslar qo‘lga olindi

2020 yilning iyul oyida Buxoro viloyatida o‘zlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining vakillari va “Yurt salohiyati” gazetasi muxbirlari deb tanishtirgan shaxslar qo‘lga olingani xabar berilgan edi. Andijon viloyatida ham xuddi shunga o‘xshash voqea yuz berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 6-, 33-, 47-, va 61-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘zlarini “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi xodimlari” deb tanishtirgan fuqarolar — A.A. va M.A. muayyan muammolarni aniqlab, muassasalar rahbarlaridan pul talab qilishgan.

Xususan, ular Andijon shahridagi 3ta maktabgacha ta’lim muassasasini tekshirib, ularning faoliyatida turli kamchiliklar aniqlab, muassasa rahbarlaridan jami 1 000 000 (bir million) so‘m miqdorida pul mablag‘ini noqonuniy tarzda talab qilib olgan. Ularning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan Andijon shahridagi maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli muassasalardan birining rahbari mazkur holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida 2021 yilning 19 yanvar kuni A.A. va M.A. Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan 28-sonli MTM faoliyati bo‘yicha material tayyorlash maqsadida muassasa rahbaridan 200 000 (ikki yuz ming) so‘m miqdorida pul mablag‘i olayotgan vaqtida tuman ichki ishlar bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Ularga tegishli qalbaki guvohnomalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Tekshirish davomida ushbu shaxslar “Xalq irodasi” jurnali tahririyati tomonidan berilgan guvohnomalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi nomi yozilgan hamda davlat ramzi (gerbi) qo‘yilgan guvohnomalardan foydalanib bog‘chalar faoliyatini tekshirib yurganligi ma’lum bo‘ldi. Ular “Xalq irodasi” jurnali tahririyatida jamoatchilik shartnomasi asosida ishlab kelgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati Marhamat tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlar olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!