Allohni ko‘rib turibman deb…

Allohni ko‘rib turibman deb…

Biron ishni ehson bilan qilish shu ishni ixlos bilan puxta va chiroyli bajarishdir. Ibodatni ehson bilan bajarishning ma’nosi ibodatni xuddi Alloh taoloni ko‘rib turgandek ixlos bilan hamda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga muvofiq tarzda bajarishdir. Agar ki­shi bunga qodir bo‘lmasa, u o‘zidan sodir bo‘layotgan har bir kat­tayu kichik amalni Alloh taolo ko‘rib turganini yodga olmog‘i za­rur.

Jabroil (alayhissalom) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Ehson nima?” deb so‘radilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Bu go‘yo Allohni ko‘rib turgandek ibodat qilishing”, dedilar. Bu maqom siddiqlar erishadigan ma­qomdir.

Ulamolar aytishicha, bandaning ibodatida uch maqom bor:

  1. Ibodatni barcha shart va talablariga rioya qilib ado etish. Bunda buyruq bandaning zimmasidan soqit bo‘ladi.
  2. Yuqoridagi shartlarga ko‘ra ado etish, biroq bunda banda Allohni ko‘rib turgandek mukoshafa dengiziga g‘arq bo‘ladi. Bu Rasu­lulloh (sollallohu alayhi va sallam)ning holatlaridirki, “Ko‘zimning shodligi namozdadir”, deganlari buning sodiq guvohidir.
  3. Ibodatning barcha shart va talablariga rioya qilgan hol­da, biroq o‘zi Allohni ko‘rib turgandek emas, balki Alloh uni ko‘rib turgandek bir holatda ado etish. Bu mukosha­fa maqomidan muroqaba maqomiga tushishdir.

Muroqaba – Alloh taolo uni ko‘rib turganini bandaning his qilishi. Bu esa banda uchun barcha yaxshiliklarning asl manbaidir. Inson bu darajaga faqat o‘zini isloh qil­gandagi­na yetishadi. U haq yo‘lni mahkam tutib, barcha ishlarida Alloh tao­lo uni ko‘rib turganini his qilsa, shu holat­ga erishadi.

Muroqaba bilan banda Allohni tanigan oriflar maqo­mi­ga ko‘tariladi va bu bilan dunyo va oxirat saodatiga vosil bo‘la­di.

Ma’rifatli zotlardan biri bunday deydi: “Kimki Allohni tanisa-yu, najot topguday amal qilmagan bo‘lsa, u haqiqiy baxtiqarodir”.

Shayx Abdurahmon Sulamiy aytadi: «Abu Bakr Roziy bunday deganlarini eshitdim: “Kimki o‘zi bilan Alloh taolo o‘r­tasida taqvo va muroqabani saq­lamas ekan, biror narsa­ni kashf qilishga va mu­sho­hadaga yetisha olmaydi”».

Junayd (rahmatullohi alayh) aytadilar: “Kimki muroqabada to‘g‘ri bo‘lsa, Alloh taolodan olgan nasibasini yo‘qotishdan qo‘rqadi”.

Asarlarda aytiladi: “Ilm daryodir, hikmat dengiz­dir, ula­molar daryo atrofida aylanib yura­di­lar, hukamolar dengiz o‘rtasida suzadilar, oriflar esa najot kemalarida bo‘ladilar.

Sen ham mana shu oriflardan bo‘lgin, eng kamida ularga o‘xshagin va mana bu so‘zni taammul qilgin: garchi ulardek bo‘lmasangiz ham o‘zingizni ularga o‘xshating, zero, yaxshi odamlarga o‘zini o‘xshatish ham najotdir”.

Ulamolar: “Namoz o‘qiyotgan odam xushu-xuzuda va Alloh taoloning ulug‘ligini his qilgan holda bo‘lishi kerak”, deb ittifoq qilganlar.

Ya’ni, bu bilan Alloh taolo ushbu oyati karimada ayt­gan xushu yuzaga keladi:

«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchilardir» (Mu’minun, 1-2).

Chunki namozdagi xushu jasaddagi ruh kabi bo‘ladi. U ikki qismdan iborat: zohiriy va botiniy. Zohiriy – a’zolarni bekorchi narsalardan tiyish va ko‘zni sajda qiladigan o‘ringa qaratish. Botiniy – qalbning qo‘rqishi, bo‘ysunishi va uning sokin turishi hamda Qur’on ma’nolarini taammul qilishdan boshqa narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishdan saqlanishi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namozda soqolini o‘ynagan odamga: “Agar uning qalbi xushuda bo‘lganda edi, uning a’zolari ham xushuda bo‘lardi”, deganlar. Shuning uchun Imom G‘azzoliy xushuni namozning ruknlaridan deb sanaganlar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!