Alibaba asoschisi "yo‘qolgan" bo‘lishi mumkin - OAV

Alibaba asoschisi "yo‘qolgan" bo‘lishi mumkin - OAV

Xitoyning eng badavlat insonlaridan biri - Alibaba asoschisi, milliarder Jek Maning "g‘oyib bo‘lgani" haqida xitoy ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan mish-mishlar xorijiy OAVlargacha yetib bordi.

Xabarlarda aniqlik kiritilishicha, Jek Ma - Xitoy moliyaviy regulyatorlari faoliyatini tanqid qilgan va XXRning texnologik kompaniyalarga qarshi olib borayotgan siyosatiga qarshi chiqqan paytdan - aniqrog‘i, oktyabr oyi oxiridan e’tiboran omma oldida ko‘rinish bermagan.

Ushbu haftada Telegraph, Forbes, Financial Times, CNN, Fox, ABC telekanallari va ko‘plab boshqa nashrlarda: "Milliarderning g‘oyib bo‘lishi", "Jek Ma qani?", "Jek Ma yo‘qoldimi?" degan sarlavhalar aks etgan xabarlarni ko‘rish mumkin.

ABC telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, milliarder omma qarshisida ko‘rinish bermaganiga ikki oydan oshgan. Uni oxirgi marta 31 oktyabrda ko‘rishgan, o‘shanda Jek Ma to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda namoyish etilgan Alibaba tadbirida ishtirok etgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, deya ta’kidlanadi telekanal xabarida, o‘zining Africa's Business Heroes shousi shov-shuvli final bosqichini ham o‘tkazib yuborgan. Garchi shouda u bosh hakam rolini ijro etishi kutilgan bo‘lsa-da. Sal avval Jek Ma final bosqichini sabrsizlik bilan kutayotgani haqida aytgan bo‘lgan.

Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida Jek Ma hozirda bo‘lishi mumkin bo‘lgan joy xususida turli mish-mishlar tarqalmoqda, internet foydalanuvchilari uning g‘oyib bo‘lishini 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sammitda so‘zlagan janjalli nutqi bilan bog‘lashmoqda, deb yozadi telekanal.

Dekabr oyida Bozorni nazorat qilish va tartibga solish bo‘yicha XXR bosh davlat boshqarmasi Alibaba kompaniyasiga nisbatan monopoliyaga qarshi surishtiruvni boshlab yuborgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!