2024 yilgacha fuqaroligi bo‘lmagan birorta shaxs qolmasligi kerak

2024 yilgacha fuqaroligi bo‘lmagan birorta shaxs qolmasligi kerak

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2024 yilga qadar fuqaroligi bo‘lmagan birorta odam qolmasligiga erishishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

“Fuqaroligi yo‘q millionlab odamlar murakkab sharoitlarda yashamoqda hamda muayyan huquqlardan foydalanish imkoniyatiga ega emas. To‘rt yil avval BMTning Qochoqlar bo‘yicha boshqarmasi ushbu hodisani tugatish maqsadida kampaniya boshlagan edi va bu qaysidir ma’noda o‘z samarasini bergan. Xususan, o‘tgan yillar ichida 166 ming kishi o‘z fuqaroligiga ega bo‘lgan. Yigirmata davlat tegishli xalqaro konvensiyalarga qo‘shildi. Bir qator mamlakatlar o‘zlarining fuqarolik tartiblarini takomillashtirgan. Ammo bugungi kunda mazkur masalani yechish yanada faolroq va qat’iyatli harakat qilishni taqozo qilmoqda“, - deyiladi BMT saytida keltirilgan xabarda.

Biroq millionlab odamlar hali hamon fuqarolikka ega emas. Ularning aksariyati Afrika va Osiyoda yashaydi. Bu borada aniq raqamlarni keltirish murakkab. Ammo 2017 yilda 70 mamlakatdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni to‘rt million nafarga yaqin edi. BMT Qochoqlar bo‘yicha boshqarmasi esa haqiqiy raqam uch barobar ko‘p bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Fuqaroligi yo‘q shaxslar ta’lim, tibbiy yordam olish va ishga joylashish imkoniyatlaridan to‘la foydalana olmayapti. Shuningdek, ular turmush qurish, uy-joy sotib olishda muammolarga duch kelmoqda. Xullas, ular erkin hayot kechirish uchun ko‘plab to‘siqlarga duch keladi. Bu, o‘z navbatida, ular orasida kelajakka umidsizlikni kuchaytirib yuboradi.

“Fuqarolik yo‘q holatini tugatishni milliy qonunchiliklarda aks etgan ayrim normalarni takomillashtirish orqali ham bartaraf etish mumkin”, - deydi BMT Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi.— Siyosatchilarni, butun dunyodagi ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi organlarning vakillarini 2024 yilgacha fuqarolik yo‘q holatini bartaraf etish uchun hal qiluvchi choralarni ko‘rishga chaqiraman. Bu insoniy, axloqiy va siyosiy jihatdan ham to‘g‘ri bo‘ladi”.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!