Zelenskiy yangi qonunni imzoladi: U erkaklar uchun bola tarbiyasi ta’tili to‘g‘risida

Zelenskiy yangi qonunni imzoladi: U erkaklar uchun bola tarbiyasi ta’tili to‘g‘risida

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy erkaklar uchun bola tarbiyasi ta’tilini olish huquqini beradigan qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmatiga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi.

Parlament tegishli qarorni aprel oyida qabul qilgan edi, u rasmiy matbuotda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Hozir Ukrainada ona ishga chiqqan yoki uzoq vaqtdan buyon shifoxonada davolanayotgan bo‘lsagina, ota bola tarbiyasi ta’tiliga chiqishi mumkin.

«Davlat rahbari onalar va otalar uchun bola tarbiyasi ta’tilini olishda teng huquqlilikni ta’minlovchi qonunni imzoladi. Hujjat erkaklar va ayollar uchun ishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borishda teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan. Xususan, qonunchilikdagi otaning bola ta’tiliga bo‘lgan huquqini cheklovchi bo‘shliqlar to‘ldirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Oliy Rada tomonidan qabul qilingan qonun har bir ota-onaning teng huquqi sifatida bolaning onasi yoki otasiga farzandi uch yoshga to‘lgunga qadar bola tarbiyasi ta’tilini olish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratilishini taklif qiladi.

Bundan tashqari, ish beruvchi o‘z mablag‘lari hisobiga ota-onalardan biriga oylik-maosh qisman to‘lanadigan bola tarbiyasi ta’tilini berishi mumkin.

Qonunda ta’tilning yangi turi — farzand tug‘ilgandan boshlab 14 kunlik pullik ta’til ham joriy etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!