Yana Jizzax, yana fojia: bir oilaning 3 farzandi vafot etdi, ona reanimasiyada

Yana Jizzax, yana fojia: bir oilaning 3 farzandi vafot etdi, ona reanimasiyada

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Ziyokor mahallasida uch nafar aka-uka va ularning onasi is gazidan zaharlandi. Fojia oqibatida bolalar vafot etishgan, ona – reanimasiya bo‘limida qolmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan Kun.uz`ga ma’lum qilishlaricha, baxtsiz hodisa bugun, 25 yanvar kuni tong soat 5:10lar atrofida ro‘y bergan

«Vafot etgan bolalar 8, 12 va 14 yoshlarda, ularning hammasi o‘g‘il bolalar bo‘lgan. Bolalarning onasi, 37 yoshli S.A. hozir reanimasiya bo‘limida, shifokorlar uning hayoti uchun kurashmoqdalar», – dedi SSV Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev.

Ta’kidlanishicha, mazkur hodisa yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarning barchasi ham to‘g‘ri emas, ya’ni ular ovqatdan emas, is gazidan zaharlanib vafot etishgan.

Eslatib o‘tamiz, is gazi 9 yanvar kuni Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida ham bir oilaning 4 a’zosini hayotdan olib ketgan edi. «Ko‘kgumbaz» MFYga qarashli Qorong‘ul qishlog‘ida yashovchi ota-ona hamda ularning ikki farzandi halok bo‘lgan edi.

Yanvar oyida, shuningdek, Toshkent shahar Yunusobod tumanida ona va ikki yoshli farzandi, Farg‘ona viloyati Quva tumanida bir oilaning ikki farzandi is gazidan zaharlanib, vafot etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!