Xorazmlik prokuror xotinining xiyonatini kechiraverib sabr kosasi to‘lgan yigitning jinoyati tafsilotlarini ma’lum qildi

Xorazmlik prokuror xotinining xiyonatini kechiraverib sabr kosasi to‘lgan yigitning jinoyati tafsilotlarini ma’lum qildi

Xorazm viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori San’at Bobojonov xotinini o‘ldirgan erkakning jinoyatlari tafsilotlarini ma’lum qildi. "Huquq" gazetasining rasmiy saytida e’lon qilingan maqolada 2017 qurilgan oilaning ayanchli yakuni haqida so‘z boradi.

Ma’lum bo‘lishicha Oston Qalandarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2017 yilda oila qurgan. U to‘ydan 2-3 oy o‘tib xotiniga qiimmatbaho telefon olib, Rossiyaga ishlagani ketadi. Shundan so‘ng ishlab yurgan joyidan xotiniga qo‘ng‘iroq qilsa doim "ojidaniye"ga tushadigan bo‘lib qoladi. Xotini "kim bilan so‘zlashyapsan?" degan savolga doim dugonalarim deb qutilib qoladigan bo‘ladi.

Ostonning onasi unga 2018 yil bahorida xotini buvisinikiga ketib qolganini aytadi va yozda erkak uyiga qaytdi. Qaytgach onasi unga telefon raqamlar ro‘yxatini berib, "bu xotining gaplashib yurgan erkaklar" deydi. Erkak ro‘yxatni qo‘liga olib, janjal chiqmasligi uchun yoqib yuboradi. Shundan so‘ng Oston xotinini uyiga olib kelib, hech narsa bo‘lmagandek yashay boshlaydi. Bu orada er xotinining telefonini ishlatishni boshlaydi va o‘shanda ham unga turli xil sms va qo‘ng‘iroqlar kelaveradi. Xotinidan kimligini so‘rasa bilmayman deb, yana buvisinikiga ketib qoladi. Orada esa xotini homilador ham bo‘ladi. Oston shundan keyinam xotinini olib kelishga urinadi, lekin ayol ko‘nmaydi. Bu orada telegramdan ham xotiniga ishqiy xabarlar kela boshlaydi. Bularga chiday olmagan Oston Qozog‘istonga ishlagani ketadi.

U yerda xotini eriga yig‘lab telefon qilavergach, Oston ko‘ngli bo‘shlik qilib qaytib keladi va xotinining iltimosiga ko‘ra buvisinikida birga yashay boshlashadi. 2019 yilning bahorida ular farzandli bo‘lishdi va yigitning ota onasi ularni Ostonning uyida yashashga ko‘ndiradi.

Kunlarning birida yigit mardikorlik qilib ishlab yurganida unga otasi qo‘ng‘iroq qilib xotini yana buvisinikiga ketib qolganini aytadi. Shunda Oston ishlab turgan yumushini tashlab, qo‘liga qoziqni olib, xotinini qo‘rqitib qo‘yish uchun buvisinikiga ketadi. U yerga borsa buvisi Ostonning yoqasiga osiladi va futbolkani yirtib yuboradi. Bundan g‘azablangan erkak buvining yuziga shapaloq tortib, ichkaridan otilib chiqqan xotinini qoziq bilan uradi. Ushbu qilmishidan so‘ng Oston IIB tomon ketadi. Xodimlar voqea joyiga kelganda esa buvi xushsiz, ayol esa jonsiz holda topiladi.

Sud hukmiga ko‘ra Oston 11 yilu 6 oyga qamaladi. O‘rtada bola yetim qoldi...

Maqolani muallif, prokuror quyidagi so‘zlar bilan yakunlaydi.

"Ushbu qotillik ro‘y bermasligi mumkinmidi? Yigit xorijda sarson-sargardon yurmasdan, yosh kelinchakni tashlab ketmasdan, shu yerda ish topganida, balki bu fojia bo‘lmasmidi. Ammo vaqtni ortga qaytarishning iloji yo‘q. Bundan boshqalar xulosa chiqarishi kerak".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!