Vadim Abramov Sardor Rashidov terma jamoaga taklif etadimi?

Vadim Abramov Sardor Rashidov terma jamoaga taklif etadimi?

Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2 noyabr kunidan Toshkentda yig‘in boshlab, JCH-2022 saralashi doirasidagi Saudiya Arabistoni va Falastin terma jamoalariga qarshi muhim bahslarga tayyorgarlik ko‘radi.

Yig‘in doirasida Vadim Abramov shogirdlari 9 noyabr kuni poytaxtimizdagi «Paxtakor» stadionida Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushadi. Milliy terma jamoamiz yig‘ini oldidan "Tribuna.uz" muxbiri bosh jamoamiz ustozi bilan suhbatlashib, terma jamoa tarkibidagi o‘zgarishlar bor yoki yo‘qligi va ketma-ket o‘yinlarda gollar urayotgan Sardor Rashidov borasida Vadim Abramovning fikri bilan qiziqdi.

- 2 noyabr kunidan Toshkentda yig‘inni boshlaymiz, deya so‘z boshladi Vadim Karlenovich.

Milliy terma jamoa tarkibida hozircha o‘zgarishlar yo‘q – oldinroq taklif etilgan futbolchilar jamlanishadi. Chaqiruv olgan futbolchilar qanday holatda yetib keladi ertaga bilib olamiz. Umid qilamanki, barcha terma jamoa ixtiyoriga shay holda keladi.

- Sardor Rashidov tobora sport formasini tiklamoqda: Qatar chempionatida ketma-ket o‘yinlarda gollar urdi. Rashidovning milliy terma jamoadan chaqiruv olish imkoniyati qay darajada?

- Sardor Rashidovning natijalaridan xabarimiz bor. Umid qilamizki, u mana shunday o‘ynashda davom etadi. Tabiiyki, gollar urishda davom etsa, Sardorni kelasi yig‘inda terma jamoaga chaqiramiz va imkoniyat beramiz. Bu safargi yig‘in uchun esa kengaytirilgan tarkibni e’lon qilib bo‘ldik.

- Rashidovning taklif olmagani terma jamoa hujum chizig‘idagi raqobat bilan bog‘liqmi?

- Xuddi shunday. Ayni damda terma jamoa hujum chizig‘ida to‘p surishga munosib nomzodlar bor. Sardor Rashidov esa klubi safida endi o‘zini ko‘rsatishni boshlamoqda. Bunday pallada uni bezovta qilmay, yanada yaxshi formaga kirishini kutganimiz ma’qul.

- Uning o‘yinlarini kuzatib borayapmizmi?

- Oxirgi gollarini qanday urganligini tomosha qildim. U so‘nggi o‘rinlarda borayotgan klubiga imkonqadar yordam berishga, sport formasini tiklashga urinmoqda. Terma jamoa eshiklari hamma uchun ochiq - Sardor o‘zini ko‘rsatishda davom etsa, keyingi yig‘inlarda, albatta, uni ham chaqiramiz.

Usmon Ibodov suhbatlashdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!