O‘zbekistonga 1 dekabrdan «Turkmanenergo» elektr yetkazib beradi. Uzilishlar soni keskin kamayishi aytilmoqda

O‘zbekistonga 1 dekabrdan «Turkmanenergo» elektr yetkazib beradi. Uzilishlar soni keskin kamayishi aytilmoqda

Energetika vazirligi tizimiga kiruvchi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasi 2019—2020 yillarda elektr energiyasini import qilish yuzasidan Turkmanistonning «Turkmanenergo» davlat elektr energetika korporasiyasi bilan kelishuvga erishganini e’lon qildi.

Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, 1 dekabrdan boshlab «respublikamiz elektr energiyasi ta’minotida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berib, tarmoqdagi cheklovlar keskin kamayadi».

Eslatib o‘tamiz, sovuq kunlar kelishi bilan Toshkent shahrida va O‘zbekistonning qolgan hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar yuz bera boshlagan edi. Bosh vazir Abdulla Aripov 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 27 noyabrda kun davomida 110 kV kuchlanishli 144 ta elektr o‘tkazish liniyalarida 300 dan ortiq cheklovlar kiritilgani, bu cheklovlar 1,5 soatdan 5 soatgacha davom etganini ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq salkam 31,5 mingta holat aniqlanib, yetkazilgan zarar miqdori 22 milliard so‘mga teng ekani ta’kidlangan edi.

Bundan bir kun avval esa Energetika vazirligi «ko‘zda tutilmagan holatlarning oldini olish maqsadida» iste’molchilarning bir qismini elektr energiyasi ta’minotidan uzib qo‘yayotganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, vazirlik vakillari «ehtiyoj bo‘lmagan vaqtda elektr uskunalarini ishlatmaslik»ga chaqirgan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!