O‘zbekistonda 16 noyabrdan elektr energiyasi tariflari oshishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 16 noyabrdan elektr energiyasi tariflari oshishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 2018 yil 16 noyabrdan boshlab elektr energiyasi tarif narxlari oshishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining muhokama portaliga qo‘yilgan qaror loyihasida keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, aholi (maishiy iste’molchilar) uchun elektr energiyasi tarifi 16 noyabrdan boshlab 10 foizga oshadi va 1 kilovatt narxi 250 so‘m ni tashkil etadi. 2019 yil 1 iyundan boshlab esa tarif yana 12 foizga oshib 280 so‘mga teng bo‘ladi.

Bunda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p xonadonli turar joylari va yotoqxonalarda yashovchi iste’molchilar uchun 50% chegirma beriladi.

Korxonalar va tashkilotlar uchun esa 16 noyabrdan elektr energiyasi tarifi 45 foizga oshadi va 1 kilovatt narxi 331 so‘mga teng bo‘ladi. 2019 yil 1 iyundan boshlab esa tarif 370 so‘mgacha oshadi.

Bundan tashqari, tajriba tariqasida Toshkent shahar Yunusobod tumanida elektr energiyasi iste’moli bazaviy normasi kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Bazaviy norma bir xonadon uchun 300 kVt qilib belgilanadi. Elektr energiya iste’molining ushbu normadan oshib ketgan qismiga yuqorida ko‘rsatilgan tarif narxi 20 foizga qimmatlashadi – ya’ni normadan oshgan har bir kilovatt uchun 300 so‘mdan to‘lanadi.

Ushbu norma keyinchalik o‘zgarishi va butun respublika bo‘ylab tadbiq etilishi mumkin. Buning uchun “O‘zbekenergo” AJ va boshqa tegishli idoralar 2019 yil 1 iyulga qadar normaning amaldagi tadbiqini o‘rganib, aniq takliflar berishi lozim.

Qarorda keltirilishicha, ushbu tarif narxlari oshishi jaxon bozorida energetik resurslarning narxi oshib borishi va O‘zbekiston energetik sohasida davlat monopoliyasini kamaytirish, resurslar sotishda bozor mexanizmlarini joriy etish va elektr quvvati ishlab chiqaruvchi korxonalarni foydaga chiqarish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, narxlar oshishi iste’molchilarni resurslardan unumli va rasional tarzda foydalanishga undaydi, deyiladi qarorda.

Oldinroq O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi issiqlik energostansiyalari 84 foizi eskirganligi va qayta ta’mirlashga muhtojligi aytilgan edi.

Shuningdek, tabiiy gaz tariflari va benzin narxlari ham 16 noyabrdan oshishi kutilmoqda.

Manba: turon24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!