O‘zbekiston delegasiyasi Xalqaro aksilkorrupsiya konferensiyasi doirasida muhim kelishuvlarga erishdi

O‘zbekiston delegasiyasi Xalqaro aksilkorrupsiya konferensiyasi doirasida muhim kelishuvlarga erishdi

Litvaning Vilnyus shahrida Transparency International xalqaro tashkiloti tomonidan tashkil etilgan XXI xalqaro aksilkorrupsiya anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi ham qatnashdi. Mazkur ishtirok BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, xalqaro aksilkorrupsiya anjumani har ikki yilda tashkil etiladi. Ushbu anjumanga butun dunyodan davlat idoralari, xalqaro va nodavlat tashkilotlar taklif etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish va innovasion yangiliklarni ishlab chiqish kabi masalalar ko‘rib chiqiladi.

140 dan ortiq mamlakatdan mas’ul shaxslar, faollar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ishbilarmon doira vakillarini birlashtirgan bu yilgi konferensiya “Global tahdidlarga qarshi turish: halollikni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida tashkil etildi.

Tadbirda Latviya Prezidenti Gitanas Nauseda, Transparency International xalqaro tashkiloti kengash raisi Rueben Lifuka, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Bosh kotibi Matias Kormann, shuningdek, BMT, Yevropa Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston delegasiyasining Litva Respublikasi Maxsus tergov xizmati rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvi tashkil etildi. Unda ikki davlat aksilkorrupsiya idoralari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va doimiy tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, konferensiya davomida Transparency International, Opendata Charter, Ochiq hukumat hamkorligi, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi kabi xalqaro tashkilotlar hamda Gruziya va Qozog‘iston aksilkorrupsiya idoralari vakillari bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘zaro muloqotlardan keyin hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan BMT Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi 2-bosqich obzorining yangi darajasiga o‘tish, ushbu jarayon uchun uslubiy platforma yaratish, unda nodavlat tashkilotlar rolini kuchaytirish, shuningdek, Toshkent aksilkorrupsiya forumining asosiy muhokamalarini ushbu masalaga qaratish, Ochiq hukumat hamkorligi xalqaro tashkiloti bilan O‘zbekistonning mazkur tuzulmaga a’zo bo‘lishi va ochiqlikni ta’minlashda hamkorlik qilinadi.

Shuningdek, Transparency International tashkiloti bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatda tashkilotning bo‘linmasini tashkil etish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi. Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan mintaqaviy platforma doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish va platforma doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar hajmi kengaytiriladi.

Litva Respublikasining maxsus tergov xizmati bilan preventiv choralar, aksilkorrupsiyaviy ta’lim, sohaga oid tadqiqotlar, biznes sektor uchun mentorlar tayyorlash amaliyoti yo‘nalishlarida hamkorlik o‘rnatiladi hamda idoralararo memorandum imzolanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!