To‘lqin Qilichev: «Muvaffaqiyatga erishishning asosiy sababi – tartib-intizom»

To‘lqin Qilichev: «Muvaffaqiyatga erishishning asosiy sababi – tartib-intizom»

Jahon ringlarida o‘z nomini ulug‘lash bilan Vatanimiz sport shuhratini yuksaklarga ko‘tarib kelayotgan o‘zbek bokschilari haqida so‘z ketganda, eng avvalo, ularni kamolotga yetkazib kelayotgan fidoyi murabbiylar ko‘z oldimizga keladi.

To‘lqin Qilichev. Bu nom bugun nafaqat mamlakatimizda, balki jahon boks olamida, xalqaro sport dunyosida eng mashhur nomlardan biriga aylandi. Yozgi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida hech bir mamlakatning bosh murabbiyi Qilichevdek sharafga ega bo‘lmagan, rosti. To‘rt yillik o‘yinlar tarixiga nazar tashlansa, dunyoning manaman degan davlatlarining boks terma jamoalarining birontasi bitta olimpiadada 5 ta oltin medalni qo‘lga kirita olmagan. Tajribali murabbiy To‘lqin Qilichev yetakchiligidagi O‘zbekiston bokschilari jahon boksining yangi tarixini yaratdi.

Xo‘sh, bunday olamshumul g‘alabaga qanday erishildi? Uning ortida qilingan mehnatlar, o‘tkazilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining sir-sinoati nimada? Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalokov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevdek zabardast charm qo‘lqop ustalarini bir jamoaga yig‘ish, ularni yagona – Vatanni ulug‘lashdek oliy maqsad sari yo‘naltira bilishda albatta, bosh murabbiy boshchiligidagi trenerlar jamoasining o‘rni beqiyos.

"Parij-2024" o‘yinlari. Yetti nafar yengilmas bokschimiz. Saralash janglaridagi mashaqqat va ruhiy kurashlar. Ularning 5 nafarining kuchlilarni dog‘da qoldirib, finalga yo‘l olishi. O‘tkazilgan har bir mushtlashuv ortidagi his-hayajon, asablar tarangligi, kichkina masaladan katta hajmdagi detallarga qadar e’tibor bokschi qatori murabbiylarga ayniqsa, bosh murabbiyga qanchalik ta’sir ko‘rsatishini To‘lqin Qilichev misolida ko‘rdik, bildik. U yurak xurujiga uchrab, hayot-mamot o‘rtasida qolib ketgan damlarda biz, sport muxlislari bokschilarimizdan chiroyli g‘alaba asosida oltin medallar kutayotgan chog‘lar edi… Bosh murabbiy yolg‘on va chin dunyo o‘rtasidagi qil ko‘prik ustida yotardi...

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, «Sog‘lom avlod» va "Do‘stlik" ordenlari, "Shuhrat" medali sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy To‘lqin Qilichev bilan suhbatimiz ayni holatlar, quvonch va iztirobning yonma-yon yurishi, bokschilarimizning yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabasi, uning ahamiyati, kelgusi rejalar va boshqa mavzular xususida kechdi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bu, O‘zbekiston sport delegasiyasi dunyoda 13-o‘rinni, Osiyoda 4-o‘rinni, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-o‘rinni egallashini ta’minladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!