Tuhmat va haqoratlarning oxiri bormi yoki Malohat Eshonqulovaga qonun yo‘qmi?

Tuhmat va haqoratlarning oxiri bormi yoki Malohat Eshonqulovaga qonun yo‘qmi?

So‘z erkinligi bo‘lmagan joyda egri so‘zlovchilar ko‘payadi. Bu oltin qoida. Chunki aksariyat ommaviy axborot vositalari mamlakatdagi real voqelikni ko‘rsatish o‘rniga sukut saqlasa, tabiiyki, ayrim g‘araz maqsaddagi chet el ommaviy axborot vositalari bunday foydalanadi. Ochig‘ini aytish kerak, bir vaqtlar O‘zbekiston ham shu holatga kelib qolgandi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari qo‘rqib-pisib ishlar, mamlakatdagi real holat qariyb yoritilmas edi. Bu esa alal-oqibat mamlakatning axborot xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, bo‘yoqdor qilib aytganda, “mevasi”ni berdi. Xalqaro miqyosda O‘zbekiston haqida salbiy axborot ko‘paydi.

Bunda, ayniqsa, qator “yurtdoshlarimiz”ning hissasi ham katta bo‘ldi. Jurnalistika yoki inson huquqlari niqob qilinib, O‘zbekiston haqida ig‘vo va fisqu fasoddan iborat axborot va “tahliliy” materiallarni yuborish an’anaga aylandi. Bunday axborotlar uchun yuz minglab dollarlik gonorar ajratila boshlandi. Tabiiyki, bu mahalliy “faol”lar uchun ayni muddao edi. Sababi, na tuzukroq jurnalist, na jiddiyroq inson huquqlari himoyachilari bo‘lgan kimsalar uchun abadiy, tuganmas “oxo‘r” yaratilgan edi. Homiylariga ikki enlik “otchyot” yoki “jurnalistlik surishtiruvi” yuboradi, tamom, ikki-uch kun o‘tmay, dollarda gonorarini olib, tarallabedod qilib yurardi. Malohat Eshonqulovaning ijtimoiy tarmoqlardagi postlari, turli tadbirlardagi fikrlaridan ham uning ham dardi faqat va faqat pul olishga aylangandek tasavvur paydo qiladi, kishida.

Homiylar nega  yuz o‘girdi?

Ammo, zamon o‘zgarib, ularning paytavasiga qurt tushdi — tipirchilab qolishdi. Chunki mamlakatda nafaqat rahbariyat o‘zgardi, balki so‘z erkinligi ham o‘zgardi. O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar mamlakatdagi voqea-hodisalarni, ayniqsa, majburiy mehnat va boshqa muammolarni yoritishda faollik ko‘rsata boshladi. Bundan tashqari, Xalqaro mehnat tashkiloti va mustaqil inson huquqlari himoyachilari tomonidan ham majburiy mehnat monitoringi yo‘lga qo‘yildi. Hukumat ularning takliflari asosida aybdor amaldorlarni jazolay boshladi, ular aytgan kamchiliklarni tuzatishga kirishdi.

 

Bular nimaga olib keldi? Avvalo, Malohat Eshonqulova O‘zbekistondan yagona ovoz bo‘lmay qoldi. Endi Malohatning "homiylari" unga "qiyo ham boqmasdan" shunchaki, O‘zbekiston internet nashrlarini kuzatish orqali tayyor axborotga ega bo‘la boshladi. Bir majlisda Malohat Eshonqulova “biz, huquqbonlar, pulsiz ishlayapmiz, hatto Xalqaro mehnat tashkiloti bizga mashina ajratishini kutgan edik”, deya ayyuhannos solishida shu dardi mujassam bo‘lsa, ne ajab.

Bukrini go‘r tuzatadimi?

Xalqimizda “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”, “Bukrini go‘r tuzatadi” degan purma’no maqollar bor. Bejizga emas. Garchi O‘zbekistondagi o‘zgarishlardan Malohat Eshonqulova foyda ko‘rgan bo‘lsa-da (Toshkentdagi propiskasini qaytarib berishdi, yo‘qsa, bir dunyo jarima to‘lab yurar edi), u asosiy “oxo‘r”idan mosuvo bo‘lgach, u yana boshqa yo‘lga o‘tib oldi. Ya’ni muammosi hal bo‘lmayotgan ayrim fuqarolarning ishonchiga kirib, internetga chiqarishga, shu yo‘l bilan xalqaro hamjamiyatning e’tiborini qaratishga va’da qilib, go‘yoki beminnat “xizmat”ga o‘tdi. Bu beminnat xizmat esa nimalarning evaziga bo‘lgani esa faqat ikki tomonning-u, ollohning o‘zi ayon.

Malohat Eshonqulova mahalliy amaldorlarni qoralash, ularni haqorat qilish, davlat idoralariga tuhmat qilish yo‘liga ochiqchasiga o‘tib oldi. Bu yo‘lda esa birov uning “mushugini pisht demagani” esa hamon “andishaning oti qo‘rqoq” deb baholanib kelinmoqda.

Bir qarashda, u xalqning dardini ko‘tarib, ularning muammolarini hal qilmoqchi. Lekin asl maqsadi — uni “homiylari” hisobdan chiqarishlariga erta ekanligini ko‘rsatish, ya’ni o‘zini piar qilish orqali ularning doimiy nazarida turishdir. Buning uchun oxirgi paytlar aynan uning foydasiga xizmat qiladigan mavzularga yopishib olgan. Mulki noqonuniy tortib olinayotgan tadbirkorlar, arzon uy-joy ololmayotgan ishsiz, nogiron ayollar yoki Said-Abudaliziz Yusupov Malohatning yangi maqsadli guruhiga aylangan. Bu ishga shu darajada sho‘ng‘ib ketdiki, orqa-oldiga qaramasdan, tuhmatu bo‘htonni ayovsiz to‘qimoqda. Maqsadi esa bitta — o‘zini piar qilish, davlat hokimiyati organlari bilan mumkin qadar ko‘proq ziddiyatga borib, G‘arbdagi homiylarining nazaridan qolmaslik kerak. Chunki “qora piar ham piar”, deyishadi piarchilar. Oqibatda esa undan norozilar, uning bu ishlari hech qaysi tamoyil bilan o‘lchab bo‘linmasligini ta’kidlayotganlar, undan shikoyat qilayotganlar soni ortmoqda.

"Jahon.uz"ning ishonchli manbasi xabariga ko‘ra, 2019 yilning aprel oyida Malohat “Karimov hukumati muxolifat faolining joniga qasd qilgandi, Zomin tuman hokimi uning moliga qasd qildimi...” nomli videorolikni ijtimoy tarmoqlarda joylashtiradi. Rolikda u Zomin tuman xokimi A.Abdug‘aniyev mansab vakolatini suiste’mol qilgan holda, tumanning Dashtobod shaharchasida yashovchi Xudoyberdiyev Nishonboyning yer joylarini noqonuniy tortib olganligi, tamagirlik va poraxo‘rlik bilan shug‘ullanib kelayotganligini aytadi. Tuman hokimi bularning barchasi tuhmatligini qayd etib, tuman IIB va prokuraturasiga shikoyat qilgan. Hozirda Zomin tuman IIB tomonidan qayd etilgan videolavha xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirilib, viloyat IIBga tegishli xulosalar olish uchun yuborilgan. Shunga ko‘ra, viloyat IIB mutaxassislari tomonidan zarur xulosalar olingan va Malohat Eshonqulovaga nisbatan to‘plangan surishtiruv materiallari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (“Tuhmat”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Yana bir misol. Farg‘ona shahar IIBB tomonidan O. Aliyeva va M. Eshonqulovaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (“Haqorat”) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, tegishli tuman sudlariga yuborilgan.
Yaqinda, aniqrog‘i 9 iyun kuni Toshkentga andijonlik Odina Ergasheva kelib, ichki ishlar organlari xodimlari uni urgani haqida Yelena Urlayeva va Malohat Eshonqulovaga shikoyat qilgan. Aslida-ku ayolning muammolari, deylik, moddiy yordam ajratish, ishga joylashtirish masalalari viloyat hokimiyati tomonidan allaqachon ijobiy hal etilgan, unga imtiyozli asosda arzon uy-joy ajratish masalasi esa ko‘rib chiqilayapti. Lekin Malohat ushbu ayolning boshini aylantirib, uni turli joylarda yashirib, ijtimoiy tarmoqlarda ig‘vo, fisqu fasodlarni tarqatib yuribdi. Bugungi kunda firibgarlikda gumonlanib ushlangan Said-Abdulaziz Yusupov yaqinlari nomidan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatib, jamoatchilikni chalg‘itishga urinmoqda.

Bugun O‘zbekistonda jurnalistika bilan shug‘ullanishga, jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalarni xolis, g‘arazsiz yoritishga barcha sharoitlar yaratilgan. Hokimiyat vakillari qanchalik achchiq bo‘lmasin, tanqidlarga bosiqlik bilan qarashga harakat qilayapti. Nafaqat qonun doirasida ish olib borilmoqda, balki o‘zaro hurmat va huquqiy madaniyat shakllanmoqda. 

Ammo, Malohat Eshonqulova singari hali ham sovetcha jurnalist “do‘q urishi” mumkin degan qarashdan qutulmagan “jurnalist”lar otdan tushsa ham, egardan tushmayapti. Davlat organlari mansabdor shaxslari, oddiy odamlarning sha’niga tegish, ularga qarshi tuhmat uyushtirmoqda. Adolatli va o‘rinli tanqid, tahlil bilan “qalam yuritganida” edi, ishoning biz uning yonida va uning qalamdoshi bo‘lardik.

Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Demak, Malohat bugungi huquqiy madaniyat va huquqiy maydon doirasida harakat qilmay, har harakatida atayin qonunni buzishga intilsa, “bukrini go‘r tuzatadi”, deb unga befarq bo‘lish kerakmi? Fikrimcha, yo‘q. U qonun doirasida yurmasa, demak, qonunga muvofiq javob berishi kerak. Hech kim o‘zboshimchalik qilishga haqli emas. Bo‘ldi, yetar shuncha chidaganimiz. Chunki, O‘zbekiston qonunlari Malohat Eshonqulova G‘arbdagi inson huquqlari tashkilotlariga ishlashi yoki ulardan manfaatdor bo‘lishi uchun qabul qilinmagan.

To‘ra Usmon   


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!