Tramp Tojikistonda sayyohlarning o‘ldirilishi bo‘yicha tergovga yordam taklif qildi

Tramp Tojikistonda sayyohlarning o‘ldirilishi bo‘yicha tergovga yordam taklif qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga mamlakatda halok bo‘lgan sayyohlarning o‘limi munosabati bilan yo‘llagan telegrammasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Tramp Tojikiston prezidentiga tergov jarayonlari bo‘yicha yordam taklif qilgan. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmatiga tayanib, «RIA Novosti» xabar bermoqda.

«Men 2018 yil 29 iyul kuni sodir etilgan terrorchilik oqibatida 2 nafar AQSh fuqarosi va yana 2 nafar begunoh odamning halok bo‘lishi yuzasidan hamdardlik bildirib telegramma yo‘llaganingiz uchun minnatdorman», — deya Tramp Tojikiston prezidentiga telegramma yuborgan.

Trampning so‘zlariga qaraganda, tinch aholiga qarshi hujum uyushtirganlarni oqlab bo‘lmaydi. «Mening ma’muriyatim uyushtirilgan vahshiy hujum va suiqasdni tergov qilish jarayonlariga ko‘maklashishga tayyor», — deya Tramp ma’lum qilgan.

Iyul oyining oxirida Kulob—Dushanbe trassasida avtomobil chet ellik velosayyohlar ustiga bostirib borgan. Hujum oqibatida 4 kishi — 2 nafar AQSh fuqarosi, shuningdek, Gollandiya va Shveysariya fuqarolari halok bo‘lgan. Ikki nafar sayyoh shifoxonaga yotqizilgan. Tojikiston bosh prokuraturasi terrorchilik moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Hujum uyushtirgan guruhning 5 nafar jangarisi qo‘lga olish vaqtida o‘ldirilgan. 11 nafar jangari hibsga olingan.

Xorijlik sayyohlarga nisbatan uyushtirilgan hujum uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olgan.

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!