Tezpishar tarvuz salomatlik uchun xavfli...mi?!

Tezpishar tarvuz salomatlik uchun xavfli...mi?!

Yozning issiq kunlarida tarvuz iste’mol qilish inson organizmi uchun koni foyda. Ammo bu mahsulotni yetishtirishda azotli o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, salomatlikka zarar yetkazishi hech gap emas.

Xo‘sh, dorilangan tarvuz nimasi bilan xavfli? Undan zaharlanganda qanday yo‘l tutish lozim?

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu mavzuda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshlig‘i A.Shukurovga murojaat qildi.

Tarvuz — salomatlik uchun eng foydali mahsulotlardan biri, — deydi mutaxassis. — U o‘lkamizda asosan iyul-avgust oylarida g‘arq pishib yetiladi. Mahsulot tarkibi A, S, YE vitamini, V guruhi darmondorilari, magniy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir va natriy moddalariga boy bo‘lib, peshob va safro haydovchi ta’sirga ega.

Uning sharbati buyraklar va jigarni zararli toksinlardan tozalab, xolesterin miqdorini kamaytiradi. Ayniqsa, tarvuz onkologik kasalliklarning oldini olish, hazm faoliyatini yaxshilash va moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Biroq tezpishar tarvuzlarni iste’mol qilishda ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish kerak. Boisi bugun ko‘pchilik dehqonlar ushbu mahsulotni yetishtirishda azotli o‘g‘itlardan haddan ortiq ko‘p foydalanmoqda. Bu esa ko‘pchilik insonlarning dorilangan tarvuzlardan zaharlanishiga sabab bo‘lyapti.

— Zaharlanish simptomlari qanday namoyon bo‘ladi?

— Agar kimdir tarkibida nitrat moddasi me’yordan ortiq bo‘lgan tarvuz iste’mol qilsa, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo‘ladi.

Xususan:

📌 ko‘ngil aynishi;
📌 qusish;
📌 diareya;
📌 qorin va bosh og‘rig‘i;
📌 38-39 darajagacha isitma ko‘tarilishi;
📌 bosh aylanishi;
📌 yurak urishining sekinlashishi;
📌 qo‘l-oyoqlarning sovuq qotishi va boshqa belgilar kuzatilishi mumkin.

Zaharlanish belgilari namoyon bo‘lganda, darhol shifokor bilan maslahatlashish va mutaxassis tavsiyalari asosida muolajalarni davom ettirish zarur. Mabodo, keksa yoshli inson, homilador ayol yoki 12 yoshgacha bo‘lgan bola zaharlanganda, “Tez yordam” chaqirish maqsadga muvofiq.

— Bu noxush holatdan saqlanish uchun nima qilish lozim?

— Avvalo, tarvuz xarid qilishda sotuvchidan tegishli ruxsatnomani talab qilishi kerak: unda mahsulot manbai, shuningdek sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi zarur ma’lumotlar o‘rin olgan bo‘ladi.

Tarvuz tanlayotganda, uning buzilmaganiga ishonch hosil qiling. U shikastlanmagan, yoriqlarsiz hamda qoraymagan, mog‘orlamagan bo‘lishi kerak. Tarvuz kesilganda rangi toza qizil va o‘zgarmagan bo‘ladi. Tanovul qilishdan avval yaxshilab yuvish lozim.

Shuningdek, uni sovutilgan holda yeyish hamda iste’mol qilishda boshqa xil oziq-ovqat mahsulotlari bilan aralashtirib yubormaslik, ya’ni taom qabul qilish ketma-ketligiga rioya qilish tavsiya etiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!