Surxondaryoda 10-maktabning 10-sinf o‘quvchisi o‘z otasini pichoqlab o‘ldirdi

Surxondaryoda 10-maktabning 10-sinf o‘quvchisi o‘z otasini pichoqlab o‘ldirdi

Maktab o‘quvchisi otasining tanbehlaridan jahli chiqib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida tanasining turli joylariga pichoq bilan zarba bergan.

“Jahon.uz” ning ishonchli manbasi taqdim qilgan sud hukmida keltirilicha, Surxondaryo viloyati Denov tuman sudining ochiq sud majlisi binosida voyaga yetmagan I.B.B. va uning qonuniy vakili R.J.J hamda jablanuvchining qonuniy vakili ishtirokida, sudlanuvchi voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘liga oid 1-1905-1901/24-sonli jinoyat ishini ko‘rdi.

B.B.I o‘g‘li 2002 yil 2 fevral kuni Denov tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, Denov tumanidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi, buydoq, muqaddam sudlanmagan, Denov tuman “yangi obod” mahallasida yashagan, ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda.

Ish hujjatlariga ko‘ra voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘li 2018 yil 14 oktyabr kuni soat 19:00 larda, Denov tuman “Namuna” mahallasi hududida joylashgan yashash uyida, marhum otasi B.I.Nning tanbehlaridan jahli chiqib, uni o‘ldirish maqsadida, hojatxonaga yashirib qo‘ygan pichoqni olib, marhum N.B.Ini ko‘krak, qorin va son qismlariga zarb bilan urishi oqibatida, N.B.I kasalxonaga olib borilayotgan vaqtda vafot etgan.

Sud-psixiatriya eksperitizasining 2018 yil 4 dekabr kunidagi xulosasiga ko‘ra, voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘li “Bolalar tipidagi shizofreniya ko‘rinishidagi surunkali ruhiy kasallik” bilan kasallanganligi, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etayotgan vaqtda o‘z harakatlarining mohiyatini tushuna olmaganligi hamda o‘zini boshqara olmaganligi sababli Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga kuzatuv ostida majburiy davolanishga muhtoj ekanligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 92-moddasida, ijtimoiy xavfli qilmishni aqli norasolik holatida yoki hukm chiqarilgunga qadar yoxud jazoni o‘tash vaqtida ruhiy kasallikka chalinganligi oqibatida o‘z harakatlarining ahamiyatini anglamaslik va o‘z harakatlarini boshqara olmaslik holatida sodir etgan shaxsga nisbatan, agar u ruhiy holati va sodir etgan qilmishining xususiyatiga ko‘ra jamiyat uchun xavfli deb topilsa, sud tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlashi mumkinligi, shuningdek JK 94-moddasining 4-qismida kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida yoki bo‘limda majburiy davolash o‘ta ijtimoiy xavfli bo‘lgan yoki o‘z xulqiga ko‘ra umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasi sharoitida davolanishining imkoni bo‘lmagan ruhiy kasallarga nisbatan tayinlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Sud hay’ati, voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘li ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan deb hisoblab, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi tayinlashni, jinoyat ishini tugatishni hamda B.B.I o‘g‘li Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirgandan so‘ng unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini bekor qilishni, voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘lini Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishni, Termiz shahar UYa 64/8-sonli va Toshkent shahar UYa 64/1-sonli tergov xibsxonalari boshliqlari zimmasiga yuklashni, ajrim nusxasini ijro qilish uchun Termiz shahar UYa 64/8-sonli va Toshkent shahar UYa 64/1-sonli tergov xibsxonalari hamda Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborishni lozim topdi.

Voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli kilmishni aqli noraso holatda sodir etgan deb topildi.

Voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘liga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilsin va u Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilishi belgilandi.

Voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘lining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli jinoyat ishi tugatildi.

Voyaga yetmagan B.B.I o‘g‘li Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgandan so‘ng unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinishi aytildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!