Soxta IIB xodimiga jazo tayinlandi

Soxta IIB xodimiga jazo tayinlandi

Har qanday harakat va urinishlarga qaramay, insonlar orasidagi yovuzlik va jaholat kabi illatlarga barham berish bilan bir qatorda jinoyatchilikni ham ma’lum darajada kamaytirish, to‘xtatish yoki cheklash mumkin. Shu ma’noda, hozirgi kunda respublikamizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi samarali kurash olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimi tubdan isloh etildi, mamlakatda huquq-tartibotni ta’minlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishildi. Jumladan, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida 2017 yil 14 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror talablari asosida huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va ularga chek qo‘yish, bunda ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlarga e’tibor qaratish, shuningdek huquqbuzarliklarning sabablari va sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish borasidagi ishlarning samaradorligi oshirib kelinmoqda.

Ammo shunday bo‘lishiga qaramay yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik sodir etish davom etayotgani achinarli hol.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan A.Azizovni ayblash haqidagi jinoyat ishi ko‘rildi.

Sudlanuvchi A.Azizov 1990 yil Namangan tumanida tug‘ilgan, muqaddam u 2015 yil JIB Namangan shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi sababli 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2014 yil 14 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risi”dagi qarorining 6-bandi “a” kichik bandiga asosan o‘talmagan jazoning uchdan bir qismiga qisqartirilib, 2016 yilda JIB Ohangaron tuman sudi tomonidan JKning 74-moddasiga asosan o‘talmay qolgan 2 yil 2 oy 2 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga ish haqining
25 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilib, qamoqdan ozod etilgan va tayinlangan jazodan 2016 yil 30 dekabr kuni amnistiya aktiga asosan ozod qilin.

Ammo u bunday yengillikdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmay yana jinoyatga qo‘l urdi. A.Azizov xavfli residivist bo‘lgani holda 2017 yil 22 may kuni soat 10:30 larda Namangan shahar, “Furqat” MFY hududida joylashgan sobiq “Mashrab” bog‘i ichida joylashgan kanalga cho‘milish maqsadida borib, u yerda uch nafar voyaga yetmagan bolalar cho‘milayotganligini ko‘rgan. Bolalar uni ko‘rib, u yerdan ketmoqchi bo‘lganida ularni to‘xtatib, ulardan nima qilib yurganligini so‘raganida ular bu yerga cho‘milish uchun kelganligini, maktabda
8-sinf o‘quvchisi ekanliklarini aytishgan. Shunda u o‘zini ularga IIB xodimi ekanligini aytib, dars vaqtida nima qilib yurganligini so‘rab, ularni IIB binosiga olib borishini va ota-onasini chaqirib, jarima solishini aytib, qo‘rqitib telefon yoki puli bo‘lsa berishini aytgan. Shunda voyaga yetmagan M.A. ismli bola “Artel” rusumli telefoni borligini aytib unga telefonini bergan.

Shundan so‘ng ularni qo‘yib yuborgan. Bolalar bu holatni to‘g‘ri borib IIB xodimlarga bo‘lgan voqeani aytib ariza qilishgan. Shundan so‘ng IIB xodimlari bolalar bilan birga “Mashrab” bog‘iga kelib uni qo‘lga olgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat qo‘llanilgan. Avval ham qamalib chiqqani uchun qo‘rqqanidan u Toshkent shahriga ketib yuborgan.

 Shundan so‘ng 2017 yil 18 iyulda  sudi tomonidan qidiruv e’lon qilinib, unga nisbatan qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qamoq ehtiyot chorasiga almashtirilgan.

Joriy yil oktyabr oyida uni Toshkent shahrida ekanligi aniqlanib, unga mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq soxasidagi islohotlar tushuntirildi. Shundan so‘ng u Namanganga qaytib kelib IIB xodimlariga o‘zi taslim bo‘ldi.

Sud ushbu jinoyat ishini qo‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining tushuntirishlari jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga qat’iy amal qilib,  A.Azizovga qonun sanksiyasida nazarda tutilgan jazodan ham yengil jazo tayinladi. Ya’ni unga nisbatan  Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan JKning 57-moddasini qo‘llab 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

 

Nodirbek Raimqulov,

JIB Namangan shahar sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!