Sobiq prokuror Rashid Qodirov jinoyat ishi bo‘yicha Oliy sud yangi ma’lumotlarni taqdim etdi

Sobiq prokuror Rashid Qodirov jinoyat ishi bo‘yicha Oliy sud yangi ma’lumotlarni taqdim etdi

Bugun, 25 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi anjumanlar zalida «Sud-huquq sohasidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Oliy sud raisining jinoyat, fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosarlari, AKT va axborot xavfsizligi boshqarmasi va matbuot xizmati boshliqlari ishtirok etishmoqda.

Oliy sud vakillaridan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov ishi qanday ketayotgani bo‘yicha ma’lumot so‘raldi.

«Toshkent shahar sudida Rashid Qodirov ishi doirasida 13 kishi ishi ko‘rilyapti. Hozirda ish kollegiya maslahatida. Yaqin orada e’lon qilamiz», deya Oliy sud vakili so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz nashri.

O‘z navbatida boshqa sobiq bosh prokurorlar Ixtiyor Abdullayev va Otabek Murodov bo‘yicha ham savollar berilgan. Oliy sud vakillari bu borada sud bo‘yicha vakolatga ega emasligi, bu ishlarni ko‘rayotganlar boshqaligini ma’lum qilishgan.

O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov 2018 yil fevralida qo‘lga olingan edi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘tgan yilning iyun oyida Bosh prokuratura sobiq bosh prokuror ishi bo‘yicha 24 shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinganini bildirgan edi . 2019 yil 7 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Rashid Qodirovga nisbatan yopiq sud jarayoni boshlangan.

Ayni vaqtda ish doirasida qo‘lga olinib, sud qilinayotganlarning rasmiy ro‘yxati yo‘q. 

2018 yil fevralida jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari bo‘lmish Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlangani xabar qilingan. 

Prokuratura tomonidan turli vaqtlarda berilgan ma’lumotlarda ushbu ish doirasida Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari, «Antibiotik» laqabli adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev va unga yaqin bo‘lgan boshqa prokurorlar nomi tilga olingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!