Samarqandda MIB xodimi sudda yutqazdi

Samarqandda MIB xodimi sudda yutqazdi

Advokatning MIB binosiga kirishini taqiqlab, ham advokatning, ham uning himoyasidagi fuqaroning huquqlariga daxl qilgan Rustam Ahadqulov o‘z rahbariyati tomonidan intizomiy, sud tomonidan esa ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Vindikatsiya” advokatlik byurosi advokati Ne’matilla Daminov o‘z professional faoliyatiga to‘sqinlik qilgan MIB surishtiruvchisi Rustam Ahadqulovni sudga berib, yutib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu xodim xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgani uchun avvalroq o‘z rahbariyati tomonidan ham intizomiy jazoga tortilgan ekan.

MIB Ishtixon tumani bo‘limi tomonidan “tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan” degan ayb bilan ustidan ma’muriy ish ochilgan fuqaro S. o‘z huquqlarini himoya qilish uchun advokat N.Daminov bilan shartnoma imzolagan. Biroq ishni yuritayotgan MIB Ishtixon tuman surishtiruvchisi R.Ahadqulov advokatni qabul qilishni rad etib, uning hatto MIB binosiga kirishini ham taqiqlab qo‘yadi. O‘z navbatida, fuqaro S.ga ham bosim o‘tkazib, huzuriga advokatsiz, faqat o‘zi kelishini talab qiladi. Bu bilan esa u bir tarafdan advokatning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga to‘g‘onoq bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa fuqaroni yuridik yordam olish huquqidan mahrum etgan edi.

Advokat N.Daminov surishtiruvchining prosessual qonun normalariga bu qadar bepisandligini “hazm qilolmadi” – uning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari to‘g‘risida MIB Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘iga ariza yozdi, shuningdek, MJtKning 283-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan tartibda sudga ham murojaat qildi.

Shu o‘rinda MIB o‘z xodimining nomatlub ishlariga tezkorlik bilan va tegishlicha munosabat bildirganini aytib o‘tish joiz. Zero, advokat N.Daminovga yuborilgan javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, surishtiruvchi R.Ahadqulovning qilmishlari Boshqarma boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda (2019 yil 6 mart) chig‘iriqdan o‘tkazilgan. Natijada esa bu surishtiruvchining advokat faoliyatiga g‘ov bo‘lishdan tashqari, ish yuritish qoidalari va ijro talablariga ham rioya qilmagani ma’lum bo‘ladi qoladi. Xususan, u fuqaro S.ning muqaddam sudlanganligi yoki ma’muriy javobgarlikka tortilganligiga doir talabnomalarni olmagan, tekshirish hujjatlarini tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmagan, shuningdek, dastlabki 10 kunlik muddat o‘tganidan keyin ham qo‘shimcha muddat olmasdan ish yurituvini davom ettirgan ekan. Shu bois xizmat vazifalarini bajarishdagi mas’uliyatsizligi uchun unga nisbatan intizomiy jazo – o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llash to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Uning bevosita rahbari, ya’ni tuman MIB boshlig‘i esa “hayfsan” oladi.

MIB viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan ushbu xizmat tekshiruvi xulosasi, tezkor yig‘ilish bayonnomasi, R.Ahadqulovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgani to‘g‘risidagi buyruq va boshqa hujjatlar sudda ham javobgar R.Ahadqulovning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganini tasdiqlovchi dalillar sifatida baholandi.

Ammo R.Ahadqulov sud majlisiga kelmadi. Shunday bo‘lsa-da, u sudga uzrli sabab ko‘rsatmagani va ishni kechiktirish to‘g‘risida ariza ham bergani bois Ishtixon tuman ma’muriy sudi ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqdi va MIB surishtiruvchisi O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 1971-moddasi (“Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish”)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida, ya’ni 405.460 so‘m jarima tayinladi.

Biz jurnalistik qiziquvimiz tufayli sudyadan javobgar tomonning sudga kelmasligi borasidagi munosabatini ham so‘radik.

– Huquqbuzar MIB xodimining nega sud majlisiga kelmaganligini muhokama qilishga hojat yo‘q. Zero, bu uning huquqi, – deydi Samarqand viloyati, Ishtixon tumani ma’muriy sud sudyasi Sobir Sodiqov. Biroq ushbu sud ishining o‘zi ibrat olishga loyiq. Ya’ni boshqa fuqarolar va advokatlar ham o‘z huquqlarini yuqoridagi misolda ko‘rganimiz kabi qonun bergan imkoniyatlardan foydalangan holda himoya qilishga odatlansa, qonunlar va o‘zgalar huquqlariga bepisand bo‘lgan R.Ahadqulov kabi mansabdorlar birinchi martasida bo‘lmasa ikkinchi va uchinchi choralardan keyin to‘g‘ri xulosa chiqarib olishlari aniq.

“Advokat” jurnali


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!