Ramazon kundaligidan: Zakotni plastik karta orqali o‘tkazib bersa bo‘ladimi?

Ramazon kundaligidan: Zakotni plastik karta orqali o‘tkazib bersa bo‘ladimi?

Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri v.v.b. G‘ulomiddin Xolboyev javob berdi.

Zakot hamda Fitr ro‘zani plastik karta orqali o‘tkazib berish joizmi?

Ha, zakot, fitr sadaqasi va boshqa shu kabi sadaqalarni plastik kartalarga o‘tkazib berib, ado qilish joiz. Chunki plastikka pul tushganda ham muhtoj kishi unga to‘liq egalik qila oladi va xohlaganidek tasarruf qiladi. Plastikka pul o‘tkazish naqd pul berish bilan barobar. Demak, zakot, fitr kabi sadaqalarni muhtoj kishilarning plastik kartasiga tushirib berish bilan ham ado qilish mumkin. Vallohu a’lam.

Tillo va kumush taqinchoqlardan zakot pul bilan beriladimi yoki ularning o‘zidan beriladimi?

Ma’lumki, kishining tillosi 85 gramm yoki undan ortiq bo‘lib, unga yil to‘lsa, qirqdan birini zakot qilib chiqarishi farz bo‘ladi. Endi savolning javobiga kelsak, bunday holatda zakot oluvchiga qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, o‘sha beriladi.

Lekin shuni bilish kerakki, agar tillo taqinchoqlardan tilloning o‘zi zakot sifatida berilsa, taqinchoqlarning vazniga qarab zakot chiqariladi. Masalan, 100 gramm tillodan 2,5 gramm tillo zakotga beriladi. Agar taqinchoqlarning zakotini pul bilan beriladigan bo‘lsa, taqinchoqlarning bozordagi qiymatiga qarab zakot chiqaradi. Masalan, bozorda qiymati qancha bo‘lsa, shuni qirqdan birini zakotga beradi.

Bu haqda «Raddul muhtor» kitobida shunday deyilgan: «Tillo va kumushning zakotini ularning jinsidan boshqa narsa bilan ado qilinsa, ularning qiymati e’tiborga olinadi deb, ulamolar ijmo qilganlar».

Taqinchoqlar xoh ishlatilayotgan bo‘lsin, xoh ishlatilmayotgan bo‘lsin, ulardan zakot beriladi. Chunki ular hamyondagi pul bilan bir xildir. Tillo va kumushdan boshqa, sotish niyatida olinmagan qimmatbaho taqinchoq va toshlardan zakot berilmaydi. Vallohu a’lam.

Mahallamiz yo‘lidan ko‘pchilik foydalanadi. Zakotni yo‘l ta’mirlashga sarflasak bo‘ladimi?

Zakot kambag‘al va miskinlarga mulk qilib beriladigan ibodatdir. Agar zakot berishda mulk qilib berish topilmasa zakot ado bo‘lmaydi. Zakotni ko‘pchilik tomonidan foydalanadigan yo‘l yoki ko‘priklarga sarflansa zakot ado bo‘lmaydi. Chunki bunda zakotni durust bo‘lish shartlaridan bo‘lmish kambag‘al va miskinlarga mulk qilib berish topilmaydi. Vallohu a’lam.

Zakotni ikki yoki uchga bo‘lib bersa bo‘ladimi? Aytaylik, zakot berayotgan kishi molidan 1,5 million so‘m zakot ajratdi. Shuni muhtojlardan uch kishiga 500 ming so‘mdan bersa bo‘ladimi?

Ha, albatta bo‘ladi. Ajratilgan zakotni bir necha kishiga bo‘lib berish joiz. Vallohu a’lam.

Mening molim nisobga yetmagan bo‘lsa xam zakot bersam bo‘ladimi?

Moli nisobga yetmagan kishiga zakot berishi vojib emas. Lekin zakot bersa nafl sadaqa hisobida savobga erishadi. Vallohu a’lam.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!