Qo‘li “eng uzun” onamiz

Qo‘li “eng uzun” onamiz

Oysha onamiz rivoyat qiladi: «Nabiy alayhissalom: “Sizlardan menga tezroq yetib oladiganingiz – qo‘li uzuningiz”, dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin birortamizning uyimizda to‘plansak, qo‘limizni o‘lchab ko‘rardik. Zaynab binti Jahsh vafot etgunicha shundoq bo‘ldi. U vafot etgandan keyin Payg‘ambarimiz alayhissalom qo‘lning uzunligidan sadaqani iroda qilganlarini bilib oldik. Zaynab mohir ayol edi. Teri oshlar, tikar va (topgan mablag‘ini) Alloh yo‘lida sadaqa qilardi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Zaynab binti Jahsh roziyallohu anho Makkada, hijratdan taxminan o‘ttiz yil oldin tavallud topdi. Asli ismi Barra. Payg‘ambarimiz alayhissalom unga Zaynab deb nom berganlar. Kunyasi: Ummu Hakam. Otasi: Jahsh ibn Riyob. Onasi: Payg‘ambarimiz alayhissalomning ammalari Umayma binti Abdulmuttalib. Sahobiy Abdulloh ibn Jahshning singlisi. Aslzoda, yosh, go‘zal va Qurayshning ko‘zga ko‘ringan ayollaridan bo‘lgan.

Hijratning beshinchi yili, Banu Qurayza voqeasidan so‘ng zulqa’da oyida Zaynab binti Jahsh bilan Nabiy alayhissalomning nikoh to‘ylari
bo‘lib o‘tdi. Anas roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz alayhissalom uylanib, ahllari yoniga kirganlarida onam hiys (taom) hozirlab, idishga soldi va: “Ey Anas, Nabiy alayhissalomga buni olib bor va: “Onam berib yubordi. Sizga salom yo‘llamoqda”, deb aytishimni buyurdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib, onamning omonatlarini yetkazdim. U zot alayhissalom: “Uni qo‘y!” dedilar: “Endi falonchilarni va yo‘lingda uchragan odamlarni ham aytib kel”, deb bir qancha ismlarni aytdilar. Aytganlaridek qildim. So‘ng Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey Anas, tavrni olib kel!” dedilar. Suffa va hujra odamlarga to‘lib ketdi. (Rivoyatga ko‘ra, o‘shanda uch yuz kishi to‘plangan.) Nabiy alayhissalom: “O‘nta-o‘ntadan halqa bo‘lib o‘tiring, har kim o‘z oldidan yesin”, dedilar. Odamlar guruh-guruh holda, birin-ketin kirib, hammalari yeyishdi va to‘yishdi. So‘ng u zot alayhissalom: “Ey Anas, ko‘tar!” dedilar. Bilmayman: olib kelganimda (taom) ko‘pmidi yoki qaytarib olganimdami? Ayrim mehmonlar gaplashib qolishdi. Nabiy alayhissalom ham o‘tirardilar. Ayollari esa yuzini devorga o‘girib olgandi. Bu holat Payg‘ambarimiz alay­hissalomga og‘ir keldi. Tashqariga chiqib boshqa ayollariga salom berib keldilar.

Mehmonlar Nabiy alayhissalomni bezovta qilishayotganini tushunib, chiqib ketishdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom pardani tushirib, ichkariga kirdilar. Men hujrada o‘tirar edim. Sal o‘tmay oldimga chiqdilar. Alloh u zotga: “Ey imon keltirganlar! Payg‘ambarning uylariga faqat sizlarni biror taomga chaqirilsagina kiring!..” (Ahzob surasi, 53) oyatini so‘ngigacha nozil etdi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu valima ma’naviy, ru­hiy baraka bo‘ldi. Sababi, unda qiyomatga qadar tilovat qilinuvchi oyat nozil bo‘ldi. Bu ham Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoning fazli va sharafiga dalil. U kishi boshqa onalarimizga: “Siz­larni ota-onangiz, qarindosh-­urug‘ingiz Nabiy alayhis­sa­lomga nikohlab bergan. Meni esa Arshi a’loda Alloh taoloning O‘zi nikohlagan”, der edi. Imom Buxoriy va Imom Mus­lim rivoyatida Oysha onamiz Zaynab roziyallohu anho haqida: “Payg‘ambarimiz alayhissalomning zavjalari orasida faqat ugina men bilan tenglasha olar edi”, ­degan.

Onamiz Nabiy alayhissalomni iloji boricha xursand etishga harakat qilardi. Buning uchun qo‘lidan kelgan barcha chorani qo‘llardi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham  bu muomalani darhol his etardilar. Tahrim surasining: “Ey Payg‘ambar! Nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani (asalni) harom qilib olursiz! Alloh mag‘firatli va rahmlidir…” deb boshlangan dastlabki oyatlarning nozil bo‘lishi sababi ham Zaynab roziyallohu anhoning fazli qanchalik ulug‘ ekaniga dalil.

Zaynab onamiz roziyallohu anho doimo vaqtdan unumli foydalanishga intilardi. Har bir ishi u zot alayhissalomning ta’limotlariga muvofiq kelishini istardi. Ayniqsa, ko‘p ibodat qilar edi. Imom Ta­baroniy rahimahulloh Roshid ibn Sa’ddan rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z uylariga Umar ibn Xattob bilan kirdilar. Qarasalar, Zaynab roziyallohu anho namozda duo qilib turibdi. Nabiy alayhissalom: “Albatta, bu ser­qayg‘u (ayol)dir”, dedilar».

E’tikof o‘tirishda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga birinchi ergashgan ham shu onamiz edi. Shuningdek, u zot roziyallohu anho o‘zini Nabiy alayhissalomga juda yaqin olar va bu bilan faxrlanardi. Gohida o‘zlariga ham aytardi: “Ey Allohning rasuli, sizga uch narsa bilan faxrlanaman: nasabimiz tutash; meni sizga Alloh azza va jalla nikohladi; Jabroil alayhissalom oramizda elchi bo‘ldi”. Haqiqatan, bu narsalar bilan har qancha faxrlansa, arzigulik.

Mashhur Ifk hodisasida onamiz haq gapni aytib, hammaning tahsiniga sazovor bo‘lgan. Bu haqda Oysha roziyallohu anho ay­tadi: «Nabiy alayhissalom men haqimda Zaynab binti Jahshdan ham so‘ragan ekan-lar. U: “Ey Allohning rasuli, uning haqida faqat yaxshilikni bilaman”, degan».

Payg‘ambarimiz alayhissalom Rafiqi A’loga rixlat qilishlaridan oldin ham Zaynab binti Jahsh onamizning sharafiga sharaf qo‘shadigan bir hadisni aytib ketdilar. Uning to‘liq ma’nosini o‘sha vaqtda hech kim anglamadi. Ammo vaqt o‘tib hadis ma’nosi oydinlashdi. Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning menga tezroq yetib oladiganingiz qo‘li uzuningiz”, dedilar.

Zaynab binti Jahsh onamiz o‘n bitta ha-dis rivoyat qildi.

Hijriy yigirmanchi sanada umri oxir-lab qolganini his etib, bunday vasiyat qildi: “Kafanimni tayyorlab qo‘ydim. Agar Umar menga kafan yuborsa, ikkisidan ­birini sadaqa qilib yuboring”. U zot o‘sha yili ellik uch yoshida vafot etdi.

Zaynab binti Jahsh onamiz usti yopiq tobutda ko‘tarilgan birinchi ayol bo‘ldi. Vafoti kuni qattiq issiq bo‘lgani uchun Umar roziyallohu anhu qabr ustiga chodir tortishga buyurdi. Bu Baqi’da ustiga chodir tortilgan birinchi qabr edi.

Manbalar asosida

Surayyo Murodjon qizi tayyorladi.

“Mo‘minalar” jurnalining 2019 yil, 4-sonidan


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!