Qozog‘istonda o‘zbekistonliklarning rasmiy ro‘yxatga olish jarayoni nazoratga olindi

A A A
Qozog‘istonda o‘zbekistonliklarning rasmiy ro‘yxatga olish jarayoni nazoratga olindi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning Atirau shahridagi Aholiga xizmat ko‘rsatish markaziga mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari turnaqator navbatlarda turishgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, 13 iyun kuni mamlakat bosh konsul Otabek Tursinbekov Atirau shahridagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish markazidagi vaziyat bo‘yicha markaz rahbari Musa Xayrulliyev bilan telefon orqali muloqot qilgan. Muloqotdan so‘ng markazda fuqarolarni qabul qilish bo‘yicha xodimlar soni 10 nafardan 26 nafarga ko‘paytirilgan, fuqarolarni qabul qilish vaqti esa soat 00:00 ga qadar uzaytirilgan.

Shu vaqtga qadar 1,1 ming nafar fuqaroning hujjatlari qabul qilingan. Shundan 800 nafarining hujjatlari ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilingan. Mazkur masala bo‘yicha Qozog‘iston Raqamli rivojlantirish, innovasiyalar va aerokosmik sanoati vazirligidan ham vakillar kelishib, markazdagi vaziyat o‘rganilgan va nazoratga olingan.

Ta’kidlanishicha, mahalliy hokimiyat ham bu masalani ijobiy hal qilish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rmoqda.

“Atirau shahridagi O‘zbekiston fuqarolarini rasmiy ro‘yxatga olish jarayoni bilan bog‘liq vaziyat Atirau viloyati hokimiyati va vakolatli idoralari hamda mamlakatdagi Bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan”, - deyilgan xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!