Qizning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi: organizmida OITS borligi aniqlandi

Qizning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi: organizmida OITS borligi aniqlandi

Mehriniso orzular og‘ushida uchib yurgan damlar. To‘yga tayyorgarlik ishlari ham tugay deb qoldi. Tibbiy ko‘rik uchun OITSga topshirgan tekshiruv javobi chiqqach, Azamat bilan nikohdan o‘tadi.

Afsuski, qizning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi. Tekshiruv natijasi Mehrinisoning organizmida OITS borligini ko‘rsatdi. Uning ko‘ziga dunyo qorong‘i bo‘lib ketdi. Tarbiyali, huda-behuda ostona hatlab ko‘chaga chiqmagan bu farishtadek qizga bedavo dard qayerdan ilashdi? Farzandlarini yolg‘iz o‘zi katta qilgan sho‘rlik onasining ohi yuraklarni larzaga soldi. Qizining bokiraligini bilsa-da, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, ayniqsa, quda-andalar oldida kim degan odam bo‘ladi? Farzandining salomatligi-chi? Chamasi ikki yil avval qizi ko‘richak bo‘lib kasalxonaga tushgani yoki yaqin hududdagi xususiy klinikada tishini oldirganini kimga ham tushuntira olardi. O‘ylab topilgan safsata, bahona deb o‘ylashlari aniq. Bunday vaziyatda to‘y qoldirilishi tabiiy...

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda taxminan 34 million kishi OIV infeksiyasiga chalingan. Har yili ular safiga yana 2 milliondan oshiq odam qo‘shilmoqda.

Mamlakatimizda ham bunday kasallikka chalingan bemorlar yo‘q emas. Ular soni yildan-yilga ko‘payayotgani esa tashvishlanarli holat. Aslida OITS/OIV infeksiyasining yuqish yoki yuqmasligi tibbiy madaniyat va savodxonlikka bog‘liq. Aholining savodxonlik darajasi qancha yuqori bo‘lsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayadi. Shu bois, Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “OIV infeksiyasiga qarshimiz“ shiori ostida tadbir tashkil etildi. Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori ijrosiga muvofiq o‘tkazilgan tadbirda mutaxassislar maslahatlari tinglandi, bolalar badiiy jamoalarining chiqishlari namoyish qilindi, viktorina o‘yinlari o‘ynaldi. Ushbu kasallikka qarshi kurashish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida so‘z yuritildi.

– Kasallikning onadan bolaga yuqish ehtimolini kamaytirish maqsadida yurtimizdagi barcha homilador ayollarda OIV infeksiyasi bor-yo‘qligi tekshiriladi, – deydi Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori Vinera Baratova. – Homilador ayollarni test sinovidan o‘tkazishning muhim jihati OIV infeksiyasiga chalingan onadan sog‘lom farzand dunyoga kelishiga erishishdir. Kasallikka chalingan homilador ayol homilaning 24-haftasidan boshlab antiretrovirus dori-darmonlar bilan ta’minlanadi. Go‘dak sun’iy yo‘l bilan dunyoga keltirilib, unga sun’iy ozuqa berib, kasallikdan himoya qilinadi. Mana shu ko‘rsatmalarga amal qilinsa, OIV infeksiyasi bo‘lgan ota-onadan sog‘lom farzandning dunyoga kelish imkoniyati 95 foizgacha ortishi mumkin.

Mehrinisoning taqdirini aytsam, Azamat bechora qizni shu ahvolda tashlab ketmadi. Aksincha, o‘zini qo‘lga oldi va ichki ovoziga quloq soldi. Ko‘ngil qo‘ygan insoni badnom bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. U haqiqiy ma’noda jasorat ko‘rsatdi. Ota-onasi, aka-ukalarining qarshiligiga qaramay, Mehriniso bilan nikohdan o‘tdi. Rafiqasini dam-badam maxsus shifoxonada davolatib yurdi. Ko‘p o‘tmay, ular shifokor tavsiyasiga amal qilgan holda farzandli bo‘ldi. Ammo hali ham Mehrinisoning tanasida o‘sha bedavo dard – OITS bor...

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!