Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana otishma yuz berdi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana otishma yuz berdi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yana otishma yuz berdi.

Sputnik Qirg‘izistonning Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib yozishicha, mahalliy vaqt bilan soat 7:00 atrofida Botken viloyati Botken tumanidagi Buloqboshi qishlog‘ida Tojikistonning “Kex” chegara posti tomonidan Qirg‘izistonning “Buloqboshi” chegara postiga qarata o‘q uzilgan. Bunga javoban Tojikiston postiga qarata javob o‘qi uzilgan.

Ta’kidlanishicha, ikki tomon chegarachilari darhol jangovar pozisiyalarni egallagan. Qirg‘izistonning Botken viloyati bo‘yicha chegara vakili va Tojikistonning So‘g‘d viloyati bo‘yicha chegara vakili telefon orqali suhbatlashgan. Voqea joyiga tomonlarning chegara otryadlari boshliqlari jo‘nab ketgan.

“Ammo soat "7:50 da Tojikiston tomoni granatomyot va minomyotlarni qo‘llab yana o‘t ochdi. Soat 8:10 da otishma to‘xtadi”, - deyilgan xabarda.

Ayni paytda otishma sabablarini aniqlashtirish va vaziyat kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tomonlarning chegara vakillari uchrashuv o‘tkazmoqda.

Soat 8:40 holatiga ko‘ra, ikki davlat chegarasida vaziyat keskin deb baholangan.

O‘z navbatida Sputnik Tojikistonning o‘z manbasiga tayangan holda xabar berishicha, qirg‘izistonlik chegarachilar ogohlantirishsiz o‘t ochishgan.

“Sahar ertalab ular hatto minomyot qo‘llashdi. Natijada tojikistonlik chegarachilar ham o‘t ochishdi. Afsuski, otishma sadolari hozir ham eshitilib turibdi”, - degan manba.

Nashrning Vorux jamoati ma’muriyatidagi manbasi otishma oqibatida Tojikiston tomonidan bir nafar harbiy halok bo‘lganini tasdiqlagan. Hozir uning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.

Rasmiy Dushanbe voqea yuzasidan hozircha munosabat bildirmagan.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasining uzunligi 970 kilometrni tashkil qiladi. Shundan 460 kilometr masofa yuzasidan ikki davlat o‘rtasida kelishuv mavjud emas, buning oqibatida chegarada turli nizolar sodir bo‘ladi, ikki mamlakat vakillari ham chegaradagi bir qator hududlar o‘zlariga tegishli ekanini da’vo qilishi oqibatida aholi yoki chegarachilar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelib turadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!