Pensiya yoshini kutmasdan nafaqaga chiqish mumkinmi?

Pensiya yoshini kutmasdan nafaqaga chiqish mumkinmi?

Yoshga doir pensiya olish huquqiga ayollar 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladi.

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan ayollar – 53 yoshga to‘lganda va ish staji kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.

Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida Nizomning 12-bandiga asosan yoshga doir pensiya tayinlash uchun murojaat qilgan shaxsning arizasiga pensiya tayinlash uchun zarur hujjatlar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazining shaxsni ishsiz deb e’tirof etish to‘g‘risidagi taqdimnomasi ilova qilinishi kerak.

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan fuqarolarni ishsiz deb e’tirof etish O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy ta’minot vazirligi va Mehnat vazirligining 30.11.1998 yildagi 2274/4 va 1235/04-1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Alohida asoslarga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlash tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” (ro‘y. raqami 588, 07.01.1999y.) bilan tartibga solinadi.

Unga asosan, Bandlikka ko‘maklashish markazi ishsiz deb e’tirof etilgan va muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga taqdimnoma tayyorlaydi va 5 kun muddat ichida tegishli O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga topshiradi.

Bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan berilgan taqdimnoma byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman bo‘limi tomonidan muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlashga asos bo‘lib hisoblanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!