Ozodbek Nazarbekov: «Talabalar ustozlarning munosabatidan norozi ekani juda afsuslanarli»

Ozodbek Nazarbekov: «Talabalar ustozlarning munosabatidan norozi ekani juda afsuslanarli»

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan yigit-qizlar, ijodkor yoshlar bilan uchrashdi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan milliy san’at va madaniyat ravnaqiga katta e’tibor qaratilmoqda. Sohaga taalluqli milliy qonunchilik muttasil takomillashtirib borilmoqda. Maqom, baxshichilik san’atiga oid xalqaro festivallarning muntazam tarzda tashkil etilayotgani soha ravnaqida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Biroq kamchilik va muammolar ham bor. Madaniyat vaziri O.Nazarbekov mavjud dolzarb masalalarni yoritishda ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi muammolarga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishda, alaloqibatda esa ularning hal etilishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning amaliyot o‘tashi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Ayni paytda yoshlarning ustozlar o‘gitiga bee’tiborligi, besabrligi, shoshma-shosharligi ham bor gap ekani ro‘y-rost aytildi.


– Amaliyot jarayonida bilim va tajriba yoshlarga ko‘proq singadi, – dedi madaniyat vaziri O.Nazarbekov. – Sohada talabalarning amaliyot bilan bog‘liq vaqti juda kam. Axir, aynan amaliyot jarayonida tajriba orttiriladi. O‘z kamchiliklari ustida ishlash boshlanadi. Ustozlar talabalarning fe’l-atvoridan, yoshlar esa ustozlarining munosabatidan norozi ekani juda afsuslanarli holatdir. Shaxsan o‘zim ustozlarning dilini og‘ritishni fojia, deb bilaman. Aksariyat yoshlar ustoz huzuriga “qachon meni yuzaga chiqararkin“, degan fikr bilan keladi. Bu esa mutlaqo noto‘g‘ri yondashuv. Vaholanki, ustozlarning yo‘l-yo‘riqlari, nasihatlari, o‘gitlarini to‘g‘ri qabul qilish ham yoshlarning o‘zi uchun muhimdir. “Ustoz-shogird“ maktabi yoshlarning kelgusidagi ijodida yaxshi saboq bo‘lishi, shubhasiz.

Bugungi kunda maqom san’atini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani barobarida bu sohadagi ta’limni davr ruhiga hamohang tarzda takomillashtirish, uni yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbirda bu yo‘nalishda maxsus maktablar tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani ta’kidlandi.


Muloqotda yoshlar bilan aloqalarni yanada takomillashtirish, san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv dargohlarining dars jadvalidagi fanlarni yanada optimallashtirish, o‘zbek milliy musiqa san’atiga doir darslik va qo‘llanmalar nashr etishni yangi bosqichga ko‘tarish, kino, teatr, musiqa va boshqa yo‘nalishlarda ijod qilayotgan yoshlarning o‘zaro muloqotiga keng yo‘l ochish, bilim dargohlarini musiqa asboblari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashning istiqbollari xususida batafsil fikr yuritildi.

Manba: uza. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!