Otang mirob bo‘lsa ham...

Otang mirob bo‘lsa ham...
Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 sentyabrdagi “2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. 
 
Bunda 2019 yil hosili uchun viloyatdagi 9 ming 597 fermer xo‘jaligining 103 ming 930 gektar sug‘oriladigan maydonlariga ekilgan g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarga qat’iy amal qilish, suvdan oqilona foydalanish, dala boshiga mahalliy o‘g‘it chiqarish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish singari masalalarga alohida e’tibor qaratilayotir. 
 
Nazorat tadbirlari davomida Narpay tumani irrigasiya bo‘limi muhandis-gidrotexnigi E.Jo‘raqulov o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan holda “Mashina” kanalidagi taqsimot hisobini to‘g‘ri yuritmagani aniqlandi. G‘alla uchun ajratilgan suvni nazoratsiz qoldirgani sababli unga nisbatan intizomiy chora qo‘llanildi. 
 
Urgut tumani irrigasiya bo‘limiga qarashli “Navro‘z” kanali boshlig‘i SH.Xalilov kanalning suv o‘lchagich uskunasi yo‘qligi sababli g‘alla maydonlarini sug‘orishga deb ajratilgan suvni belgilangan miqdorda bermagani uchun unga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi. “Yangi Urgut” kanali nazoratchisi B.Sheraliyev ham suvni belgilangan me’yordan kam bergani sabab ma’muriy jazo oldi. 
 
Xalqimizda “Otang mirob bo‘lsa ham, suvni yoqalab ich” degan gap bor. Bu naqlni unutib, suvdan foydalanish me’yorlariga amal qilmagan, obihayot isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ygan fermerlarga ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Samarqand tumanidagi “Zohidov Hakim ne’matlari”, “Ohalik sut mahsulotlari”, “Sardorbek agro saxovat”, Narpay tumanidagi “Narpay Nozimjon” fermer xo‘jaliklari rahbarlariga g‘allani sug‘orishda e’tiborsizlik qilgani, g‘alla maydonlari hududidagi ichki ariqlarni tozalamagani, suv iste’moli qoidasini buzgani uchun ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. 
 
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 2 nafar mas’ul shaxs ogohlantirilib, 1 nafar shaxsga nisbatan intizomiy, 33 nafar shaxsga ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi. 
 
A.Xudoyorov,
Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyati boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i 

Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!