Myanmada norozilik namoyishlari tufayli internet deyarli to‘liq uzib qo‘yildi

Myanmada norozilik namoyishlari tufayli internet deyarli to‘liq uzib qo‘yildi

Myanmada fevral oyining boshida yuz bergan harbiy to‘ntarishdan so‘ng ommaviy norozilik va ish tashlashlar boshlangach, mamlakatda internet deyarli butunlay uzib qo‘yildi. Bu haqda Twitter orqali NetBlocks notijorat tashkiloti ma’lum qilgan, deb yozmoqda «RBK».

Mamlakatda internet uzilishi 15 fevral kuni mahalliy vaqt bilan 01:00 da sodir bo‘ldi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, internetga ulanish imkoniyati 14 foiz xolos.

«TASS» axborot agentligining xabar berishicha, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Myanma armiyasiga murojaat qilib, tashkilotning maxsus vakilini mamlakatga kiritishni so‘radi. Murojaatnoma yuzasidan tegishli bayonot 14 fevral kuni bosh kotibning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik tomonidan e’lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, bosh kotib «Myanmadagi vaziyatdan chuqur xavotirda». U harbiylar va polisiyani aholining tinch yig‘ilish huquqini hurmat qilishga va ularga bosim o‘tkazmaslikka chaqiradi. Xavfsizlik kuchlari tomonidan davom etayotgan zo‘ravonlik, qo‘rqitish va tahqirlash to‘g‘risidagi xabarlarga jim qarab bo‘lmaydi, deyiladi bayonotda.

«Bosh kotib harbiylarni zudlik bilan BMTning maxsus vakili Kristin Shraner Burgenerga vaziyatni shaxsan baholashi uchun Myanmaga maqbul shartlar bilan tashrif buyurish uchun ruxsat berishga chaqiradi», — deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, agentlik xabariga ko‘ra, 14 fevral kuni bir qator g‘arb davlatlarining Myanmadagi elchilari siyosatchi va faollarning hibsga olinishini qoraladi va mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylarni davlat to‘ntarishiga qarshi namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikdan voz kechishga chaqirdi.

«Biz xavfsizlik kuchlarini mamlakatdagi qonuniy hukumatning ag‘darilishiga qarshi norozilik bildirayotgan namoyishchilar va tinch aholiga qarshi zo‘ravonlikdan tiyilishga chaqiramiz», — deyiladi Yevropa Ittifoqining Myanmadagi delegasiyasi bayonotida. Bayonot Kanada, Yevroittifoqning bir qator mamlakatlari, Norvegiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya va AQSh elchilari tomonidan imzolandi.

Diplomatlar «siyosiy rahbarlar, inson huquqlari faollari hamda davlat xizmatchilarining hibsga olinishi va jurnalistlarning ta’qib qilinishi»ni qoraladi.

Avvalroq hokimiyati tepasiga kelgan Myanma harbiylar shaxsiy hayot xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritib, o‘zlariga mamlakat fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari va ularni hibsga olish borasidagi yangi huquqlarni taqdim etgandi. Mintaqa OAVlari xabariga ko‘ra, 14 fevral kuni Myanmada o‘n minglab aholi asosiy shaharlarda mamlakatda yuz bergan harbiy to‘ntarishga norozilik bildirish maqsadida ko‘chalarga chiqqan. Muxolifat namoyishlari ketma-ket to‘qqiz kundan buyon davom etmoqda.

manba:daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!