Kulgili yuzga hech qachon musht tushmaydi

Kulgili yuzga hech qachon musht tushmaydi

Er yuzining qay burchagiga bormang, sizni albatta xushmuomalalik bilan kutib olishadi. Aeroportda pasport nazoratidan boshlanadigan xushmuomalalik mehmonxona, restoran, muzey, do‘kon, ko‘cha va transportlarda ham davom etadi. Bu borada har bir xalqning o‘ziga yarasha odat, an’analari bor. Bugun sayyoramizdagi ayrim xalqlarning xushmuomalaliklari haqida qisqacha ma’lumot beramiz.

 

Yapon xalqida ijtimoiy kulgi – “mikoniko“ degan tushuncha bor. Uning asosiy maqsadi – boshqalarga ham xushkayfiyat bag‘ishlashdan iborat. Kayfiyatlari qanday bo‘lishidan qati nazar, o‘zgalarning hissiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik yaponlarga xos qadriyatdir. Siz bilan nima bo‘lsa bo‘lsin, ammo boshqalarning kayfiyati aslo buzilishi kerak emas. Yapon olimlarining fikricha, xushmuomalalik masalasida G‘arb va Sharq o‘rtasida farq bor.

 

Sharqda xushmuomalalik majburiy emas, balki samimiy va tabiiydir. Sharq xalqlari qadim-qadimdan xushmuomala bo‘lib kelgan. Yaponiyada farzandlar yoshlik chog‘idanoq xushmuomalalikka o‘rgatiladi. Yapon qizlari supermarketlar eshigi oldida har bir xaridorga ta’zim qilgan holda, ularga kulgi bilan murojaat qiladilar. Bu bir kunda o‘rtacha 2500 kulgi va ta’zim, demakdir. O‘zgalarga g‘am-alam yetkazmaslik maqsadida yaponlar yuzida hamisha quvonch bo‘lishi kerak. Shu o‘rinda yaponlarning “xafa bo‘lish o‘rniga kimdir kular ekan, o‘sha inson kuchlidir”, degan maqolani keltirib o‘tish kerak.

 

Xitoyda ham xushmuomalalikka alohida e’tibor qaratiladi. Hamisha shodon yuruvchi bu xalq “Kulgili yuzga hech qachon musht tushmaydi” degan maqolni yaxshi ko‘rishadi. Hatto, biznes loyihalar muhokamasi vaqtida ham xitoyliklarning yuzidan kulgi arimaydi va shunday holat hamkorlarining yuzida ham bo‘lishini istashadi. Savdo sohasida kulgi katta ahamiyat kasb etadi. “Yuzida kulgisi bo‘lmagan odam do‘kon ochishi kerak emas”, deyiladi xitoy maqollaridan birida. Yana bir maqol “Yurakda g‘am bo‘lsa-da, yuzingizda kulgi bo‘lsin”, deyiladi.

 

Amerikada ham xushmuomalalik alohida o‘ringa ega. “Har bir kimsa bilan xushmuomala bo‘l”, deyishadi amerikaliklar. Har qanday vaziyatda yuzda kulgi bo‘lish amerikaliklarning turmush tarzi hisoblanadi. Amerika madaniyati insonlarning yuzidagi kulgini yuksak baholaydi va rag‘batlantiradi. “Kuling!” (Keep smiling!) — deyishadi amerikaliklar. Yozuvchi Elbert Xabbard o‘quvchilarga murojaat qilar ekan, do‘stlarni kulib qarshi olishga va qalblarni ularga ochishga chaqiradi. Uning fikricha, kulgi xonadonlarga baxt olib keladi. “Kuling!” deydi ruhshunos Deyl Karnegi.

 

Diplomat Yeyl Richmondning so‘zlariga qaraganda, amerikaliklarni yoshlikdanoq suhbatni kulgi bilan boshlash va kulgi bilan davom ettirishga o‘rgatib kelishadi.

 

AQShning xalqaro mehmonxonalarida xodimlar besh daqiqa davomida olti marta kulishlari kerak. Ko‘p xollarda amerikaliklarning kulgisi samimiy emasligi aytiladi va ishonqiramay qaraladi. Shunga qaramay, amerikaliklarning yuzidan kulgi arimaydi. Bu – hayot qonunidir. Shu sababli ham Amerika oilalarida bolalarga “yaqin kishiga yaxshi kayfiyat taqdim qil, kimdir senga ham shu kabi xursandchilik sovg‘a qiladi”, deya tarbiya berishadi.

 

Xushmuomalalik – Yevropa xalqlarining azaliy odatidir. “Ko‘hna qita” mamlakatlarida birinchi bo‘lib uzr so‘rash yaxshi an’ana hisoblanadi. Fransiyada notanish kishilar bilan salomlashish, tanishlarini ikki yuzidan o‘pib qo‘yish odati bor. Xaridor sifatida biror bir do‘konga kirsangiz, xushkayfiyat bilan kutib olishadi va ketar chog‘ingizda albatta “Mersi, orevuar!” deya minnatdorchilik bildirshadi. Inglizlarning xushmuomalaliklarining o‘zi bir san’atdir.

 

Evropaliklarning kulgisi yillar davomidagi tarbiya mahsuli bo‘lmish ijtimoiy odatga aylanib ulgurdi.

 

Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ham kulgiga e’tibor katta. Tailand – “ming bir kulgi mamlakati”, deya ataladi. Bu mamlakatda kulgi turli mojarolarning oldini olish quroli sifatida ko‘riladi. Malayziya va Indoneziya xalqi o‘zlarining shodlikka to‘la qiyofalarini saqlab qolishga intilishadi. Osiyo mamlakatlarida insonlarning kulgisi o‘z hissiyotlarini boshqara olish qobiliyati va har qanday vaziyatdan chiqib ketishni anglatadi.

 

Braziliya aholisi qahvaxonalarda xushmuomala bo‘lsa, mablag‘larini tejab qolishlari mumkin. Shu tariqa tamaddixona egalari tarbiya ko‘rgan xo‘randalarni rag‘batlantirishga qaror qildi. Rio-de-Janeyroning sayyohlarga mo‘ljallangan hududidagi qahvaxonalardan biri joriy qilgan qoida keng ommalashib ketdi. Bu qahvaxonaga tashrif buyuruvchilar “salom”, “rahmat”, “marhamat”, “ruxsatingiz bilan” kabi so‘zlarini aytadigan bo‘lsalar, 1 real miqdorida kam pul to‘lashadi. Bu taxminan 40 sent demakdir. Ayni damda bu tashabbus ham iqtisodiy, ham ma’naviy foyda keltirmoqda.

O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!