Koronavirusga chalingan qiz: "Karantinda men bilan bir xonada yotganlar ham virus yuqtirgan"

Koronavirusga chalingan qiz: "Karantinda men bilan bir xonada yotganlar ham virus yuqtirgan"

Qozog‘istonda KTK telekanali koronavirusga chalingan qizdan kasallik haqida eksklyuziv intervyu oldi, deb yozmoqda Tengrinews. Takidlanishicha, avvalroq kasalxonaga yotqizilganlardan birortasi kasallik haqida gapirib berishni xohlamagan.

Intervyu bergan qiz Alina Janzakova bo‘lib, u Olmaotada infeksiya aniqlangan 40 kishidan biridir. Uning aytishicha, COVID-19’ni reyslar bekor qilingani sababli Gruziyadan Belarus orqali Qozog‘istonga qaytib kelayotganda parvoz vaqtida yuqtirgan bo‘lishi mumkin.

«Biz samolyotda yo‘talayotgan bemor ayolni ko‘rgan edik. Unda tashxis tasdiqlandimi-yo‘qmi, bilmayman. Lekin bizning Minsk—Olmaota samolyotida ikki nafar kasallangan bor edi. Dugonam bilan birga uchgandim, agar virus yuqtirgan bo‘lsak, ko‘p odamlar bilan aloqa qilmaslik uchun bitta taksiga o‘tirdik. Men o‘zimni uyda izolyasiya qildim», — deydi qiz.

Olmaotaga uchib kelganidan keyin qiz shifokorlar u bilan bog‘lanib, bortda koronavirusga chalinganlar bor-yo‘qligini ma’lum qilishini kutgan. Biroq unda kasallik alomatlari vaqtliroq boshlangan.

«Mendagi dastlabki alomatlar — quruq yo‘tal, qichishish va o‘pkamda, ko‘ksimda — biroz achishish bo‘lgan. Boshlanishida issig‘im chiqmadi, hozir ham yo‘q. Haroratim 35,8 bo‘lib turibdi va biror marta o‘zgarmadi. Kecha kechasi soat ikkida menda koronavirus borligi tasdiqlanganini xabar berishdi», — deya xotirlaydi qiz.

Ikki kundan so‘ng yo‘tal va tomoqdagi og‘riq o‘tib ketdi, — deydi Alina.

Hozir u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Uni virusga qarshi vositalar, OIV bilan kasallanganlarga beriladigan dorilar, ya’ni immuniteti past bo‘lganlar qabul qiladigan dorilar bilan davolashmoqda. Qizni tashvishga solayotgan yagona narsa, kimgadir virus yuqtirib qo‘ygan bo‘lishidir.

«Bundan juda tashvishdaman. Bunday bo‘lishini xohlamas edim. Palatada ikki kishi bilan yotgandim. Ular menimcha 100 foiz kasallik yuqtirib oldi. Chunki biz 5 kun davomida bir edik. Ularga javob berib yuborishgan. Menimcha, ularni qaytarib olib kelishadi, ular virus yuqtirgan. Keyin meni boshqa palataga olishdi. U yerda ham 2—3 kishi bor edi», — deydi qiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!