Keksalar miqdorining ortishi sayyoramiz kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Keksalar miqdorining ortishi sayyoramiz kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yil oxiriga kelib, 65 yoshdan oshganlarning miqdori 5 yoshli bolalalarning miqdoridan oshib ketgan. Hozirda Yer sayyorasida 65 yoshdan oshgan 705 million keksalar yashamoqda. 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar miqdori taxminan 680 millionni tashkil etadi. Bugungi jarayon shunday davom etadigan bo‘lsa, 2050 yilga borib 5 yoshgacha bo‘lgan har bir bolaga 65 yoshdan oshgan ikkita keksa to‘g‘ri kela boshlaydi. Bu jarayonni olimlar anchadan beri kuzatib kelishmoqda va hozir ko‘plab mamlakatlarda odamlar uzoqroq umr ko‘rmoqda, bolalar soni esa kamaymoqda.

Vashington universiteti qoshidagi sog‘liqni saqlash holatini baholash instituti direktori Kristofer Marreyning fikricha, bolalalar miqdorining kamayishi va keksalar ulushining ko‘payishi jahon hamjamiyatini saqlashda ancha qiyin tus oladi va dunyo tug‘ilish jarayoni kasodga uchrashi ni boshidan kechiradi. Nabiralardan ko‘ra bobolar va buvilar ko‘p bo‘lgan jamiyatlarda chuqur ijtimoiy va iqtisodiy muammolarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq oqibatlarini ham bir o‘ylab ko‘ring, - deb qo‘shimcha qiladi Kristofer Marrey.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 1960 yilda dunyoda tug‘ilish koeffisiyenti har bir ayolga qariyb 5 farzand to‘g‘ri kelishini ko‘rsatgan edi, hozirda bu ko‘rsatkich 2.4 nafarga to‘g‘ri kelmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy yuksalish ham bizning davrimizda yashayotganlar foydasiga ishlamoqda. Agar 1960 yilda o‘rtacha umr ko‘rish 52 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu 72 yoshni tashkil qilmoqda. Natijada biz ko‘proq resurslarga ehtiyoj sezyapmiz, hukumatlarga pensiya va sog‘liqni saqlash tizimi borasida bosimlar ham kuchaymoqda.

Yashash tarzi standartlarining yuqoriligi odamlar ko‘proq umr ko‘rishidan dalolat. Misol uchun Yaponiyada o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 84 yoshni tashkil qilib, bu dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan eng yuqorisidir va aholining 27 foizini keksalar tashkil qilmoqda. Yaponiyada 5 yoshgacha bo‘lganlarning statistikasi esa 3.85 foizni tashkil etmoqda. Har ikki raqam ham Yaponiya hukumatini tashvishlantirayotgan masala bo‘lib qolmoqda va Yaponiya hukumati pensiya yoshini 65 yoshdan 70 yoshga o‘zgartirish maqsadi haqida o‘tgan yili ma’lum ham qilgan edi.

Raqamlardagi yuqorida nazarda tutilgan tafovut boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarga ham ta’sir qilyapti. Misol uchun Xitoyda keksalar yoshi Yaponiyadagidan kamroqni tashkil etadi. 1970 yillarda tug‘ilishni kamaytirishga qaratilgan siyosat Xitoyda tug‘ilishni kamaytirib yubordi va o‘rtacha bir ayolga 1.6 bola to‘g‘ri kelmoqda. 5 yoshga yetmagan bolalar ulushi esa 6 foizdan kamroqni tashkil etmoqda.

Bolalar miqdori hayot sifatiga teskarimi?

Tug‘ilishning ko‘pligi borasida Afrika qit’asi mamlakatlari yetakchilik qilmoqda. Misol uchun Niger respublikasi dunyoning eng fertil mamlakati hisoblanadi. Bu mamlakatda bir ayolga o‘rtacha 7.2 nafar bola to‘g‘ri keladi. Yana bir jihati borki, ushbu mamlakatda bolalar o‘limi holati ham dunyodagi eng yuqori o‘rinda turadi. Nigerda 1000 nafar bolaga 85ta o‘lim qayd etiladi.

Mahsuldorlik koeffisiyenti

Demograflar uchun 2.1 sehrli raqam hisoblanadi. Bu raqam aholining ko‘payish mahsuldorligida mutanosiblik mavjudligini ifodalaydi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 113 mamlakatda bu mutanosiblik qayd etilgan.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tug‘ilish miqdorining kamayishi sababli aholi soni kamayib boradi va bu jarayon butun dunyoda kuzatilayotgan aholi sonining ko‘payishi manzarasida yuz bermoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo aholisi 2024 yilga borib, 8 milliardga yetadi.

Tug‘ilish koeffisiyenti misol uchun Rossiyada 1.75ni tashkil qilmoqda, bu esa Rossiyada bir necha o‘n yilliklardan so‘ng aholi soniga o‘ta salbiy ta’sir qila boshlaydi. BMTning aholishunoslik bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Rossiya aholisi hozirgi paytdagi 143 milliondan 132 millionga kamayishi mumkin.

Aholining qarishi va tug‘ilish iqtisodga qanday ta’sir qiladi?

Kamayib borayotgan tug‘ilish va aholining keksayishi bu eng avvalo ishchilar miqdorining kamayishiga olib keladi. Natijada iqtisodiy mahsuldorlik pasayadi va bu o‘z ortidan iqtisod o‘sishiga to‘siq bo‘ladi. O‘tgan yilning noyabr oyida Halqaro Valyuta Fondi bildirishicha, Yaponiya aholisi yoshining keksayishi mamlakatning keying 40 yildagi iqtisodini 25 foizga qisqartiradi.

Oksford universiteti professori Jorj Lison fikricha, aholining keksayishi hayotimizning har bir jabhasiga ta’sir o‘tkazadi.

Texnologiyalar keksayib borayotgan aholi bilan bog‘liq iqtisodiy muammolarni bartaraf qilishga yordam bera oladimi? Hozircha, bu savol ochiq qolmoqda.

Oila va siyosat

Mutaxassislar o‘zaro fikriy birdamlikka kelishdi. Ular nazarida allaqachon portlashi kutilayotgan keksayish bombasi ni zararsizlantirish uchun hukumatlar harakat boshlashi kerak.

Xitoy 2015 yilda bir farzand siyosati dasturini qaytadan ko‘rib chiqdi va bir yildan so‘ng barcha taqiqlar olib tashlanishiga signal berdi. Jenmin jibao nashri, hattoki, farzand tug‘ilishi masalasi har bir oilaning va davlatning ishi ekanligini yozib chiqdi.

Biroq farzand tug‘ilishi bo‘yicha taqiqlarni bekor qilish iqtisodiy tanglikdan himoya bo‘lmasligi ham mumkin. 2018 yilda Xitoyda 15.2 million bola tug‘ildi va bu oxirgi 60 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.

Yoshi kattalar va sog‘lomroq keksalik

Aholishunoslik bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar nazarida, hukumatlar mamlakat aholisining keksayishi ta’sirlari oqibatlarini yumshatish uchun keksalarning sog‘ligi haqida qayg‘urishi kerak.

Sog‘lom odamlar ko‘proq ishlashiga imkoni bo‘ladi, ustiga ustak bu tibbiy xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi.

Shuningdek, Xalqaro Mehnat Tashkiloti ekspertlariga ko‘ra, ayollar erkaklar bilan yelkama yelka ishlayotgan mamlakatlar iqtisodida inqirozlar ahyon-ahyondagina bo‘ladi. Ishchi kuchi orasida ayollar miqdori qancha sezilarli bo‘lsa, iqtisod ham barqaror bo‘ladi. Olimlarning bunday takliflari hukumat rahbarlarining qulog‘iga yetib borib, chora ko‘riladimi? Vaqt bombasining mexanizmi esa chiqillashda davom etmoqda.

Xorij matbuoti asosida Jahongir Ergashev tayyorladi

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!