“Ipoteka-bank” xodimlari COVID-19 ga test topshirdi...

A A A
“Ipoteka-bank” xodimlari COVID-19 ga test topshirdi...

Kuni kecha xabar berganimizdek, 2020 yil 24 may kuni bankimizning Bosh ofisida ishlovchi xodim COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi.

Shu bois moliya muassasasida karantin qoidalaridan kelib chiqib, zaruriy  ehtiyot choralari ko‘rildi. 

Xavfsizlik nuqtai nazaridan 25 may kuni bankda  koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, Bosh ofisning barcha xodimlari va karantinga joylashtirilgan xodimlardan COVID-19 ga test tahlillari olindi. Barcha xodimlardan olingan test tahlillari natijalari manfiy bo‘lib chiqdi.

Bankda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan xodimning aniqlanishi, muassasa xodimlarini xushyorlikka, sanitariya gigiyena qoidalariga amal qilish tartiblariga bo‘lgan e’tiborni  yanada kuchaytirdi. 

Ayni vaqtda bankimiz Bosh ofisida ish jarayonlari karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda doimgidek davom etmoqda. Eng asosiysi xodimlarning bir qismi ish joyida, qolgan xodimlar masofadan turib ishlashi yo‘lga qo‘yilgan. 

Muhimi, aholi va mijozlarga o‘z vaqtida hamda sifatli bank xizmatlari  ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, bankning mamlakatning viloyat va hududlardagi barcha filiallari, mini-bank va bank xizmatlari markazlari, shuningdek, bankdan tashqarida joylashgan kassalar mehnat qonunchiligiga hamda karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘z faoliyatini barqaror  davom ettirmoqda.

Bankning respublikamizdagi barcha  filiallari tomonidan bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarga kredit ajratish hamda boshqa barcha turdagi bank xizmatlarini ko‘rsatish doimgidek davom ettirilmoqda.

Bank jamoasi, shifoxonalarda davolanayotgan barcha yurtdoshlarimizni tez fursatlarda ushbu darddan forig‘ bo‘lib sog‘lom hayotga qaytishlarini tilab qoladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!