Ichki ishlar organlari xodimlariga yangi uylar topshirildi

Ichki ishlar organlari xodimlariga yangi uylar topshirildi

Ma’lumki, bugungi kunda davlatimiz tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan yangilash borasida ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Nukus shahridagi Nur mahalla fuqarolar yig‘inida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari uchun bunyod etilgan yangi zamonaviy turar joylar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qaxramon Sariyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Aytboy Temirxanov, Shimoliy-G‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni, polkovnik Dilshod Choriyev hamda qator jamoat tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan ayni kunda yurtimizda nishonlanayotgan 9 may Xotira va Qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan erishilgan g‘alabaning 74 yilligi kabi ulug‘ sana arafasida topshirilayotgan yangi uylar o‘ziga xos ma’noga ega ekanligi, sababi Vatan tinchligi-osoyishtaligi har doim muhim masala bo‘lib, uni asrashda ichki ishlar organlarining munosib hissasi borligi ta’kidlandi.

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyun kungi Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan xodimlardan 110 nafariga uzoq muddatli imtiyozli kredit hisobidan uy berish belgilangan edi. Bugun 5 qavatli 90 xonadonni o‘z ichiga olgan 3 ta uyning kalitlari o‘z egalariga topshirilmoqda. Joriy yil oxirigacha yana 20 nafar xodimlarimizni turar joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan, -deydi Vazir o‘rinbosari, podpolkovnik Axmet Qalimbetov.

Yangi turar joylarga ega bo‘lganlar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori, kapitan Babil Bayjanov ham bor. Ichki ishlar organlarida 9 yildan buyon xizmat qilib kelayotgan B.Bayjanov ushbu kunni intizorlik bilan kutganini qayd etib, bunga qadar oilasi bilan ijarada yashab kelganini, uy-joyga bo‘lgan muhtojligi va o‘tgan davr mobaynidagi intizomiy jazoga tortilmay, namunali xizmat qilganligi bois berilgan 3 xonali xonadon uchun juda ham mamnun ekanligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, ushbu tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi nomidan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga 7 dona Neksiya-3 xizmat avtomashinalari va profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilariga xizmat guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!