Hasan Ruhoniy xatolari uchun Eron xalqidan uzr so‘radi

Hasan Ruhoniy xatolari uchun Eron xalqidan uzr so‘radi

O‘z lavozimini tark etayotgan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy o‘z prezidentligi vaqtida u boshqargan hukumat yo‘l qo‘ygan xatolar uchun Eron xalqidan uzr so‘radi. U bu haqda vazirlar mahkamasidagi o‘zi uchun oxirgi yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Bugun Eronning 12-hukumatining oxirgi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu shuningdek, mening Islom Respublikasi prezidenti sifatidagi oxirgi bayonotimdir. O‘tgan yillar davomida o‘z bayonotlarimizda xalqqa yolg‘on gapirmadik. Biz rostini so‘zladik. Biroq men bu foyda keltirmaydi deb hisoblagan yoki milliy birdamlikka putur yetkazadi deb xavotirlangan ba’zi vaqtlarda haqiqatni yashirishimga to‘g‘ri kelgan”, deb aytgan Ruhoniy.

U o‘zining birinchi prezidentlik muddati – 2013-2017 yillarda Eron jahon hamjamiyati bilan hamkorlik qilgani va iqtisodiy sharoitlar katta istiqbolga ega bo‘lgani, biroq AQSh 2018 yilda yadro kelishuvidan chiqib, Tehronga qarshi sanksiyalarni tiklagandan keyin vaziyat yomonlashgani, buning oqibatida Eron iqtisodiy urush markazida qolganini ta’kidlab o‘tgan.

“Biz siyosatimiz imkoni boricha kamroq xato va kamchiliklarga ega bo‘lishi uchun harakat qildik. Agar biror narsa kutganingizdek chiqmagan bo‘lsa, buning uchun xalq oldida uzr so‘rayman”, deb aytgan Ruhoniy.

Uning ta’kidlashicha, “aholi o‘z turmush darajasidan norozi va bu haqiqatdir”. “Biz iqtisodiy urush holatida bo‘ldik va shundan kelib chiqib nima qila olganimizga nazar tashlash kerak”, deb qo‘shimcha qilgan Eron prezidenti AQSh sanksiyalarini nazarda tutib.

Ruhoniyning ta’kidlashicha, u boshchilik qilgan hukumatning sa’y-harakatlariga qaramay, mamlakatdagi ba’zi kuchlar sanksiyalarning bekor qilinishiga to‘sqinlik qilgan.

“Agar ko‘proq darajada milliy birdamlik bo‘lganda va barcha davlat idoralari bizni qo‘llab-quvvatlaganda hamda hukumat bilan hamkorlik qilganda mamlakatdagi hozirgi vaziyat bir necha marotaba yaxshiroq bo‘lardi”, deb aytgan Eron prezidenti.

Eronda 18 iyulda prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, Ibrohim Raisiy g‘alaba qozondi. Raisiy 3 avgustda prezidentlik vakolatlarini bajarishga kirishadi, 5 avgustda esa uning inaugurasiyasi bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!