Giyohvand modda sotgan 16 yoshli qiz qamaldi

Giyohvand modda sotgan 16 yoshli qiz qamaldi

Giyohvandlik shunday baloki, u nafaqat tanazzulga yetaklaydi, balki jamiyatdagi tinchlik-totuvlik, xotirjamlikka putur yetkazadi. Shuning uchun bu illat qoralanadi, unga qarshi murosasiz kurash olib boriladi.

Xususan, mamlakatimizda ham giyohvandlik, narkotik moddalar savdosi, uning har qanday turini yetishtirish va saqlash kabi harakatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilib, jinoyatga jazoning muqarrarligi, qonun ustuvorligi ta’minlab kelinmoqda. Farg‘ona viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida bu yo‘nalishdagi jinoyatlarga chek qo‘yilmoqda.

Afsuski, bu illat o‘z domiga endigina hayotga qadam qo‘yayotgan voyaga yetmagan yoshlarni ham tortayotgani juda achinarli holatdir.

2024 yil 17 yanvar kuni soat 14:00 larda, Marg‘ilon shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Nazorat xarid» tadbiri davomida 2007 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan K.Sh o‘zi yashab kelgan Marg‘ilon shahar, "Do‘stlik" mahalla fuqarolar yig‘ini, Qo‘rg‘ontagi tor ko‘chasidagi yashash xonadoni oldida «maxsus xaridor»ga 6.26 gramm "gashish" giyohvandlik moddasini 1 million so‘mga sotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan hamda «maxsus xaridor»dan SH.K tomonidan sotilgan «gashish» giyohvandlik moddasi va SH.K dan esa 1 million so‘m tadbirda ishlatilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Shuningdek, tadbir davomida SH.K o‘z ixtiyori bilan yashash xonadonida qonunga xilof ravishda o‘tkazish uchun saqlab kelayotgan bir dona yelim idishga solingan 6 bo‘lak, to‘q jigar rangli, o‘ziga xos hidli «gashish» giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani topshirgan va ushbu modda ashyoviy dalil tariqasida olingan.

SH.K.ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida xalq maslahatchilari X.Usmonov va M.Kasimovdan iborat tarkibda ko‘rib chiqib, barcha holatlarni chuqur o‘rganib, ishning holatiga qonuniy baho berdik.

Sud SH.K.ga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq jazo ya’ni 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Tayinlangan jazoni tarbiya koloniyalarida o‘tashi belgilandi.

Xalqimiz ichida giyohvandlikka qarshi kurashish, uning payini qirqish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi deb o‘ylaydiganlar juda katta xato qiladi. Dunyo aholisining barcha qatlamini birdek tashvishga solib kelayotgan giyohvandlikdek xavfli illatga qarshi kurashishda jamiyatimizning barcha a’zolari ishtirok etishi lozim. Shundagina bu illatning payi tezroq qirqiladi.

Muzaffarjon Marahimov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!