Faxr! Davridan ming yillar ilgarilagan alloma

Faxr! Davridan ming yillar ilgarilagan alloma

Amerika qit’asini Kolumbdan necha asr avval aytib ketgan, merosi bashariyatga taalluqli bu allomani jahonning ko‘plab xalqlari o‘z olimi deb biladi. O‘z davridan ming yillar ilgarilab ketgan, tadqiqotlari hanuz jahon olimlarining bahsiga, hayratiga, yangi-yangi kashfiyotu tadqiqotlarga sabab bo‘layotgan Abu Rayhon Beruniy asarlari mazmunini chuqurroq bilish barchamiz uchun sharafli ishdir.

Shu maqsadda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida tashkil etilgan “Beruniy o‘qishlari“ deb nomlangan dastlabki ilmiy-amaliy anjumanga turli vazirlik va idoralar, olimlar, talabalar, mahalliy va xorijlik tadqiqotchilar taklif etildi.

Darhaqiqat, Beruniy nainki O‘zbekiston, balki jahon ilm-fani rivojida benihoya ulkan hissa qo‘shgan. Alloma asarlarini tobora ko‘proq ilmiy muomalaga kiritish, “Beruniy o‘qishlari“ anjumanining nufuzi va qamrovini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero mazkur anjuman olimlarimiz uchun muhim ilmiy va g‘oyaviy fikr almashish maydonchasi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz. Uning izlanishlari geografiya, sferik trigonometriya, geodeziya, falsafa, termofizika, kvant fizikasi, astronomiya, matematika va boshqa ko‘plab izlanishlarga asos bo‘lgan.

– Beruniy nihoyatda murakkab, qonli to‘qnashuvlar avjiga olgan davrda shu qadar chuqur fikr yuritib, o‘z g‘oyalarini, yangicha dunyoqarashni ifoda etib katta-katta asarlarni, yangi ilmiy metodlarni yaratgan olim, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Karimov. – Beruniyshunoslikka oid bu konferensiya fiziklar, matematiklar, biologlar, sharqshunoslar, tarixchilar, manbashunoslar, geologlar, farmakognoziya, geodeziya, hindshunoslar, qadimiy Turon tarixini o‘rganuvchilarni o‘ziga jamlasa ayni muddao bo‘lardi. Olim ko‘plab asarlar yozgan bo‘lsa-da, ulardan ayrimlari ilmiy muomalada. Allomaning qolgan asarlarini topish, ularni puxta o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Amerikalik yozuvchi, tahlilchi va tarixchi olim Frederik Starr “Amerikani Kolumb emas, Beruniy ochgan. Unga AQShda haykal qo‘ysa arziydi“ degandi. Yurtimizda 1998 yilda qurilishi boshlangan Beruniy uy-muzeyidagi ishlarni oxiriga yetkazish, bobomizning merosini o‘rganish, xotirasini e’zozlashga oid ishlarni kuchaytirish zarur, deb o‘ylayman.

– Beruniyning “Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya“ (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“) asari xalqlar, insoniyat, eralar tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarga boy bo‘lishi bilan birga uning nechog‘li qomusiy olimligini namoyon etadi, – dedi beruniyshunos olim Ashraf Ahmedov. – O‘tgan yili Afg‘onistonda alloma faoliyatiga bag‘ishlangan anjumanda Beruniy ijodi butun insoniyatga taalluqli ekani alohida ta’kidlandi. Buyuk ajdodimiz asarlarining qadr-qimmati hamon dolzarbligida, fanlarni o‘rganishda u yaratgan metodologiyaning o‘zgarmaganida namoyon bo‘ladi. Bugungi zamonaviy ilm-fanning ildizlari Beruniy asarlariga asoslanadi, deyish ham mumkin.

– Bu anjumanda ishtirok etish men uchun katta faxr va sharaf, – dedi Qirg‘izistonning Ala-Too xalqaro universiteti tadqiqotchisi Nurlan Sherimbekov. – Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy singari daholarning ijodini o‘rganishga qiziqaman. Hozirda Beruniy asarlarida keltirilgan miqdor va o‘lchovga oid terminlarning izohi, etimologiyasi yuzasidan tadqiqot olib borayapman. Bu izlanish xalqlar, sivilizasiyalar, madaniyatlararo muloqotni, ularning o‘zaro ta’sirini, tarixni o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!