Falastin taklif etilayotgan “pora”ga g‘ururini almashtirmaydi

Falastin taklif etilayotgan “pora”ga g‘ururini almashtirmaydi

Mana 70 yildirki, Yaqin Sharqdagi hodisalar yoki mintaqa mojarosi xalqaro hayotning eng muhim mavzusi bo‘lib qolayapti. Eng yirik agentliklar va OAV mintaqaning uch yo‘nalishidagi ziddiyatlar – Isroil-Falastin, Isroil-Suriya, Isroil-Livanning yechilmagan hududiy va harbiy-siyosiy nizosini yozishdan charchagani yo‘q. Tilga olganlarimiz ichida eng qadimiysi Isroil-Falastin mojarosidir. O‘tgan o‘n yilliklar mobaynida dunyoning qudratli davlatlari – AQSh va Sovet Ittifoqi, keyinchalik, AQSH, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT oraga tushishga urindi hamda turli tinchlik tashabbuslarini ilgari surib keldi. Ammo tinchlik rejalari har doim yo Isroil yoki Falastin tomonidan rad etib kelindi. 

AQSh prezidenti Donald Tramp 2016 yili o‘zining saylovoldi dasturida Yaqin Sharq mojarosiga “malham” topish niyatini e’lon qildi. Ammo bu davo ko‘proq Isroilning manfaatlariga xizmat qildi. Tramp 2017 yil dekabrda Quddusni Isroilning poytaxtida sifatida tan olib, AQShning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan muqaddas shaharga ko‘chirishni e’lon qilgan bo‘lsa, 2019 yilda Suriyaga qarashli, ammo Isroil bosib olgan Jo‘lon tepaliklarini Isroil yurisdiksiyasidagi hudud deb e’tirof etdi. Bu bilan arablarning ishonchidan mahrum bo‘lganiga qaramay, 2019 yil iyun yining oxirida Donald Tramp ma’muriyati “asr kelishuvi” deb nom olgan shartnoma loyihasining iqtisodiy qismini e’lon qildi. Bu balandparvoz nomlanish ortida Falastin-Isroil muammosini barqarorlashtirishga oid Amerikaning yangi rejasi yashiringan. Oq Uy rahbarining ambisiyali loyihasining taqdimoti uchun xalqaro maydon sifatida “Tinchlikdan farovonlik sari” nomi ostidagi konferensiya tanlandi. Baxrayn poytaxti Manamada 25-26 iyun kunlari o‘tkazidgan tadbirda butun mintaqaning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. “Asr bitimi”ning amalga oshirilishidagi birinchi bosqich “iqtisodiy tinchlik” bo‘lishi nazarda tutilgan g‘oyani nafaqat Tramp, balki Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham ilgari surmoqda. 

«Iqtisodiy tinchlik» ning mohiyati esa bines va siyosiy masalalar qarorini ajratishdan iborat. Reja mualliflari amaliy aloqalar o‘zaro ishonchni yo‘lga qo‘yishga va vaqti kelib siyosiy tinchlikni o‘rnatishga xizmat qilishidan umidvorlar. Boshqacha aytganda, falastinliklar Isroil bilan tinchlikda yashash foydali ekanligiga, keyin ularning o‘zi yon berib qolishlariga inonishlari kerak. Bunday o‘y-hayolga nafaqat mintaqa davlatlari, balki AQShning o‘zi ham ishonmasa kerak. Zero, ko‘pincha ekspert doiralarda falastinliklarga foydali kelishuv o‘rniga taslim bo‘lish taklifi bildirilayapti, degan fikrlarni eshitish mumkin. 

Tinchlikka zid jarayonlar 
“Asr bitimi” va uning istiqbollarini muhokama qilishdan avval arab-isroil mojarosi zamonaviy tarixdagi eng uzuni hisoblanishini aniqlashtirib olish maqsadga muvofiq. Uning rasmiy boshlanishi 1947 yilga, aniqrog‘i BMT Bosh Assambleyasi tarixiy Falastin yerlarini ikki davlatga – arab va yahudiylar davlatiga ajratish, Quddusga xalqaro boshqaruvdagi maqom berilishini ko‘zda tutgan qaror qabul qilgan paytga to‘g‘ri keladi. Biroq chinakam qarama-qarshilik 1930-yillarda boshlandi.
   
Muammoni yechishga urinilmadi, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi, albatta. O‘tgan o‘n yilliklar mobaynida muzokaralarning barcha ehtimoliy shakllari sinab ko‘rildi, eng ekzotik tashabbuslar ilgari surildi, biroq tinchlik shartnomasi imzolanmadi. 1990- yillarda barqarorlashtirish prinsiplari kelishib olindi: «ikki xalq uchun ikki davlat» va «tinchlik evaziga yerlar», qolaversa, o‘zini o‘zi boshqarish Falastin organlarini tuzish. So‘ngra Isroilning Iordan daryosining g‘arbiy sohilida yahudiylar uchun manzilgohlarni qurishga kirishib ketgani tufayli tinchlik jarayoni joyida depsinib qoldi, 2010 yildan muzokaralar deyarli to‘xtadi. Falastinliklar bosib olingan hududlarda yahudiylar manzilgohlari qurilishi bas qilinishini talab qilgan bo‘lsa, Isroil dastlabki shartlarsiz muzokaralar boshlashni taklif etdi. Vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. 

Falastin-Isroil mojarosini barqarorlashtirishning murakkabligi uning qo‘p qirrali ekanligida. Bu shunchaki hududiy bahs emas. «Yakuniy maqom to‘g‘risida»gi kelishuv beshta muhim masalani qamrab olishi shart. Bular – chegaralar, Quddus maqomi, Isroil xavfsizligini ta’minlash, qochoqlarning qaytishi, mintaqa uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan suv resurslarini taqsimlash muammolaridir. Bu jihatlarning barchasi o‘tkir va har ikki tomon uchun og‘riqli mavzu. Ushbu punktlardan birortasi bo‘yicha tushunmovchilik tinchlik qaror topishini imkonsiz qilib qo‘yadi.
   
Barqarorlashtirishning biznes rejasi 
Trampning 2016 yildagi saylovoldi va’dasi saylanganganidan keyin “asr bitimi” nomi bilan atalgan tashabbusga aylandi, bu Oq Uy xo‘jayinining biznes kayfiyatiga mos tarzda nomlandi. 1993 yildan beri Amerika prezidentlarining birortasi arab-Isroil ziddiyatlarining falastin yo‘nalishida jiddiy siljishga erisha olmagani uchun bunday nomlanish o‘zini oqlaydi. Tramp yondashuvidagi yangilik masala yechimi bilan shug‘ullanishni Davlat Departamentiga emas, balki prezident kuyovi – yahudiy millatiga mansub, diplomatik ish tajribasiga ega bo‘lmagan, biroq Oq Uy rahbarining cheklanmagan ishonchiga sazovor inson Jared Kushnerga topshirilishida bo‘ldi. Muzokaralar bevosita Amerika liderining yaqin doirasidagi Yaqin Sharq realliklarini ilg‘ay oladigan boshqa bir kishi – advokat Jeyson Grinblattga ishonib topshirildi. Isroilparastligi bilan tanilgan AQShning Isroildagi elchisi Devid Fridman ham muttasil ish olib bordi. Shuning o‘ziyoq kuzatuvchilarni hushyor torttirdi. Biroq chinakam hissiyotlar kelishuvning ayrim ikir chikirlari OAVda bosqichma-bosqich paydo bo‘la boshlaganidan keyin qaynay boshladi. E’tiborlisi shundaki, u yoki bu g‘oyaga jamoatchilikning reaksiyasini tekshirish uchun yoki istalmagan muzokaralarni sabotaj qilish uchun bunday axborot sizib chiqariladi. 

Eski muammoli yangi Falastin 
Nihoyat, joriy yilning may oyi boshida tashabbus tasvirlari batamom oydinlashdi. Isroil jurnalistlarining aniqlashicha, Tramp rejasi Isroil, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini nazorat qiladigan Falastin milliy ma’muriyati va G‘azo sektorini idora qilayotgan Xamas ishtirokida tinchlik shartnomasiga erishishni ko‘zda tutadi. Natijada “Yangi Falastin” davlati dunyoga kelishi kerak. 

Bunday shartnoma shartlariga ko‘ra, Isroilga yahudiy manzilgohlari joylashgan G‘arbiy sohildagi yerlar tegishli bo‘ladi. Darvoqe, nafaqat yirik bloklar bilan balki eng olisdagi manzilgohlar bilan aloqa kafolatlanishi lozim. Quddus birdaniga ikki davlatning poytaxtiga aylanadi, biroq shahar ustidan, eng asosiysi, muqaddas qadamjolar ustidan nazorat isroilliklar qo‘lida qoladi. Bunday shart Sharqiy Quddusni, ayniqsa, muqaddas masjidul Aqso joylashgan shahar qismini o‘zining poytaxti sifatida orzu qiladigan Falastin xalqini qanoatlantirmasligi aniq. 

G‘azo sektori uchun ham alohida qaror taklif etilmoqda. Falastinliklar aeroport joylashtirish, sanoat korxonalari qurish va qishloq ekinlari yetishtirish uchun Misrdan Sinay yarim orolining tutash hududlarini ijaraga olishlari mumkin, biroq u yerda yashashga ruxsat berilmaydi. Ayni paytda G‘azo va Iordan daryosi g‘arbiy sohilini shosse birlashtirib turmog‘i kerak. 
Yangi Falastin o‘z armiyasiga ega bo‘lolmaydi, faqat og‘ir qurolsiz polisiya kuchlari faoliyat yurita oladi, uni tashqi agressiyadan Isroil himoya qila oladi. Shunday qilib, yahudiylar davlati butun tarixiy Falastin chegaralari va havo bo‘shlig‘i ustidan nazoratni saqlab qoladi. Oxirgi yillarda Isroil bilan muntazam qarama-qarshilikka borgan XAMAS harakatining to‘liq qurolsizlanishi sharti qo‘yiladi. Bu bitimning siyosiy qismi. Ammo AQSh ma’muriyati uning tafsilotlarini AQShdagi prezidentlik saylovi arafasida rasman e’lon qilishini ma’lum qildi. 

“Asr bitimi”ning asal joyi pul masalasi hisoblanadi. Tinchlik jarayonini moliyalashtirishni qisman AQSh va Yevropa Ittifoqi o‘z bo‘yniga oladi, biroq infratuzilmalarni rivojlantirish, yer ijarasi to‘lovi va boshqa harajatlarning 70 foizini Fors ko‘rfazining neft sultonlari qoplashlari zarur. Kushner hikoya qilgan choralar Falastin va qo‘shni davlatlarda 50 milliard dollar hamjmidagi davlat hamda xususiy investisiyalarni joylashtirishni ko‘zda tutadi. Bu falastinliklar uchun kamida 1 million ish o‘rni yaratishga, shuningdek, Falastin milliy administrasiyasi (FMA)ning yalpi ichki mahsulotini 10 yil mobaynida ikki barobarga oshirishga imkon beradi. Bu summaning 28 milliardi FMA va G‘azo sektori iqtisodiyoitini rivojlantirishga sarflansa, 7,5 milliardi Iordaniya, 9 milliardi Misr va 6 milliardi Livan hududidagi falastinliklarga sarflanadi. Oq Uyning tashabbusi Falastindagi infratuzilmaviy, sanoat, tibbiyot, sayyohlik va ta’lim sohalaridagi 100 dan ziyod loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Umuman olganda, bunday reja falastin xalqining tarixida yangi sahifani, ya’ni erkinlik va g‘ururidan mahrum etadigan sahifani ochadi xolos. 

Zamini puch g‘oya 
«Asr bitimi»ni boricha uzoq va har tomonlama tanqid qilsa bo‘ladi. Falastinliklarning G‘arbiy sohilning yarim hududini shunchaki berib tomoshabin bo‘lib o‘tirishini, yirtiq-yamoq ko‘rpaga o‘xshagan va o‘zini himoya qilish huquqiga ega bo‘lmagan davlatda yashashga rozilik berishini tasavvur qilish qiyin. O‘z poytaxtini Sharqiy Quddusda joylashtirish g‘oyasidan voz kechishi ham shubhali. Hozircha ularga atigi Abu-Dis maskanini berish taklif etilmoqda. Qaynota-kuyov Tramp–Kushner rejasida Yaqin Sharqqa sochib yuborilgan bir necha million falastinlik qochoqlarning qaytarilishi haqida ham hech narsa deyilmagan. XAMASni qurolsizlantirish fantastik hikoyaga o‘xshab ketadi. Bu kabi tinchlik shartnomasini imzolagan Falastinning har qanday rahbari o‘ziga o‘lim hukmini imzolagan bo‘ladi, uning ijrosi vataniga qaytishi amalga oshirilishi muqarrar. Hatto xarizmatik siyosatchi Yosir Arofat ham bundanda yumshoqroq shartlarda tinchlik kelishuvini imzolashga jazm qilolmaagan bo‘lardi. 

Ishonch bilan aytish mumkinki, ish bunday ssenariy asosida rivojlanmaydi. «Asr bitimi» muvaffaqiyatiga AQShning o‘zi ham ishonmaydi. E’tiborlisi shundaki, Davlat kotibi Maykl Pompeo kelishuv faqat Isroilga yoqishini oshkora tan oldi. Muammo shundaki, amerikaliklarni “vijdonli broker” sifatida tan olishmayapti, bunga tahlilchilar fikricha, elchixonani Quddusga ko‘chirishga shoshilgan, shuningdek, falastinlik qochoqlarga gumanitar yordam ko‘rsatishni bekor qilib, ularni ocharchilik yoqasiga keltirib qo‘ygan Tramp aybdor. Falastin rahbari Mahmud Abbosning fikricha, avvaldan yolg‘on ustiga qurilgani uchun asr bitimining kelajagi yo‘q. FATH Oq uyning “asr bitimi” deb atalayotgan ushbu rejasini “falastin xalqiga taklif qilinayotgan va arab pullariga asoslangan pora” deb atadi. Tashkilot AQShning takli 

fi haqiqatda mustaqil davlatni orzu qilayotgan falastinliklar umidlariga chek qo‘yadi, deb hisoblamoqda. FMA forumni boykot qilgani sababli ayrim arab davlatlari, jumladan, Iroq va Livan ham Manama anjumanida qatnashishdan bosh tortdi.

Bir so‘z bilan aytganda, “asr bitimi” Isroil davlati hech qachon Falastinga tom ma’nodagi mustaqillikni tuhfa etishni xoxlamasligini namoyish etdi. Shunday bo‘lishi turgan gap. Chunki Falastin Osiyo, Afrika va Yevropa chorrrahasi tutashgan nuqtada joylashgani bilan qulay jo‘g‘rofiy, strategik ahamiyatga ega. 

Mintaqaviy o‘yinchilarning sarob hayollari 
“Asr bitimi”ning foydasiga yagona jiddiy ilinj bu Fors ko‘rfazi davlatlarining pozisiyasidir. Ularning aksariyati Eronga qarshi kurashda muhim ittifqoqchi sifatida ko‘riladigan Isroil bilan munosabatlarning tezroq barqarorlashuvidan manfaatdor. Bu kelishuvdan Falastin masalasini tugatish, yahudiylar davlatini esa, «sunniy davlatlar» doirasi deya nomlangan regional koalisiyalarga qo‘shish ko‘zlangan. Bu ish – Amerikaning mintaqani qayta shakllantirish rejasi bo‘yicha, «Eron xavfi»ga qarshi kurash niqobi ostida amalga oshirilmoqda!

Tomonlar o‘rtasida norasmiy aloqalar, og‘iz-burun o‘pichlar anchadan beri mavjud, biroq to‘laqonli hamkorlik uchun tinchlik zarur. Ayniqsa, bu borada Saudiya Arabistoni hammadan ilgarilab ketgan. Ularda argument bor. 2002 yildagi Arab tinchlik tashabbusi Isroilga Falastin masalasining adolatli yechimi uchun tinchlikni va’da qiladi. Vaziyatni Vashingtonda yaxshi tushunishadi, neft korchalonlarining sahiyligini ham. Gap faqat falastinliklarni qarorning “adolatli” ekanligiga ishontirishda qolgan. Afsuski, muammo ham shunda. Ular Saudiya Arabistoni yoki Birlashgan Arab Amirliklarining iqtisodiy yordami va sarmoyalari evaziga bo‘lsin, huquqi va yerlari cheklangan davlatga rozi emaslar. Xo‘p, Tramp Falastin rahbariyati boshini aylantirib oldi ham deylik, turli radikal guruhlarni kelishuvga rioya etishga qanday majbur etadi, ular o‘zining qat’iyatini namoyish etish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydi, Falastin milliy ma’muriyatini milliy manfaatlarni sotishda ayblab, o‘z tarafdorlari qatorini to‘ldiradi, bu yangi “intifada” – qo‘zg‘olon xatari degani. Shu ma’noda “Asr bitimi”ni “siyosiy hayolparast”ning fantastik loyihasi sifatida tarix qa’rida qolib ketadigan g‘oya deb atash mumkin, xolos. Boz ustiga kuzga borib AQShda navbatdagi prezidentlik sayloviga tayyorgarlik boshlanadi, Trampda Yaqin Sharq bilan shug‘ulllanishga vaqt ham bo‘lmaydi. 

Abduvali Saybnazarov,
Human.uz kolumnisti


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!