Etti yoshida Qur’onni yod olib, to‘qqiz yoshida hadis yozgan imom

Etti yoshida Qur’onni yod olib, to‘qqiz yoshida hadis yozgan imom

O‘z asarlari va yaxshi fazilatlari bilan ibrat bo‘luvchi olimlardan biri, buyuk alloma Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy hozirgi Eron mamlakati hududidagi Tabariston viloyatida hijriy 224 yilda tavallud topgan. 

Imom Tabariy aytadi: “Etti yoshimda Qur’onni yod oldim, sakkiz yoshimda odamlarga namoz o‘qib berardim, to‘qqiz yoshimda hadis yozardim” (Yoqut Hamaviy. “Mu’jamul udabo”).

Imom Tabariy qanday qilib sakkiz yoshida qavmga imom bo‘ldi?! Bu haqda olimning o‘zi shunday deydi: “Otamning tushlarida men Rasululloh oldilarida tosh bilan to‘ldirilgan xalta bilan turgan ekanman. Toshlarni Rasululloh oldida turib otardim. Otam ta’bir qiluvchilardan so‘ragan ekan, u: “O‘g‘lingiz katta bo‘lsa dindor bo‘lib, Payg‘ambar shariatini himoya qiladi”, debdi. Shundan so‘ng otam meni o‘qitishga g‘ayrat qildilar” (Yoqut Hamaviy. “Mu’jamul udabo”).

Imom Tabariy muhaddis, muarrix, mufassir bo‘ldi, bolaligidayoq tafsir yozishni qasd qildi. Tafsirlari yigirma jilddan ko‘proqdir.

O‘n ikki yoshida esa, otasining ijozati bilan ilm olish maqsadida safarga jo‘naydi. Bu hijriy 236 yilga to‘g‘ri keladi.

O‘sha paytda ilm markazi bo‘lgan Bag‘dodga borgan Muhammad ibn Jarir mashhur olim Ahmad ibn Hanbal bilan uchrashish orzusida bo‘ladi, lekin Ahmad ibn Hanbal vafot etgan bo‘lib, u kishi bilan uchrasha olmaydi. Shundan so‘ng uning ilm olish yo‘lidagi safarlari boshlanib ketdi. Bu safar Xuroson,

Iroq, Shom (hozirgi Suriya, Livan, Falastin, Iordaniya) va Misr bo‘ylab davom etdi.

Ilm o‘rganib, muayyan darajaga erishgan Muhammad ibn Jarir o‘z yurtiga qaytdi va shu yerda to umrining oxirigacha odamlarga ilm ulashdi. U haqda o‘z davrida va undan keyin mashhur olimlar tomonidan iliq fikrlar aytilgan, tarjimai holiga, odatlariga doir muhim ma’lumotlar yozib qoldirilgan.

Shulardan biri mashhur imom Abu Bakr al-Xatibga tegishli bo‘lib, u o‘zining “Tarixi Bag‘dod” kitobida shunday yozadi: “Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy... shunday olim ediki, so‘zlari hukm o‘rnida qabul qilinardi, uning ra’yiga murojaat qilishardi. U o‘z asrida hech kim muvaffaq bo‘lmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qur’oni karimni to‘la yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur o‘zlashtirgan, ularning ma’nolarini teran o‘rgangan olim edi. U hadis ilmida ham benazir bo‘lib, sahobalar, tobeinlarning hayotlari, haqida ham hammadan yaxshiroq bilar edi”.

Imom Abu Bakr ibn Huzayma aytadi: “Ibn Jarirning tafsirini boshidan to oxirigacha o‘qib chiqdim. Bildimki, Yer yuzida undan olimroq odam yo‘q”.

Imom Tabariy mana shunday yuksak e’tiroflarga sabab bo‘lgan “Tafsir”ini yetti yil davomida shogirdlariga aytib turib yozdirgan. Al-Xatib al-Bag‘dodiy shunday deydi: “Ali ibn Ubaydulloh as-Simsimiydan eshitdimki, ibn Jarir Tabariy qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan kitob yozgan”.

Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy ilm talabi bilan musofirlikda yurgan chog‘larida ko‘p qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Hatto, ochlik va yo‘qchilik zo‘rlik qilgan paytlarida, otasi yuborgan pul kechikkanida kiyib yurgan ko‘ylagining yengini kesib sotgan va shuning puliga non sotib olib yegan. Chekkan mashaqqatlari sababli u kishi zehni kuchli, fikrlashga salohiyatli olim bo‘lib yetishdi. Tarix, arab tili, mantiq, algebra, tib ilmlarida ham chuqur ma’lumotga ega edi. Uning o‘ta taqvodor va tavoze’li bo‘lgani manbalarda zikr etilgan. Ibn Jarirning go‘zal axloqi haqida “Adab an-nufus al-jayyida val axloq an-nafisa” asarida shunday deyiladi: “U hamisha band bo‘lardi. Odamlar uni umuman bo‘sh holatda topa olmas edilar. U o‘zi kitob tasnif qilishdan tashqari, talabalarga ham ilm o‘rgatar, ularga turli ma’lumotlarni yozdirar edi. Bundan tashqari har kecha uyquga yotish oldidan

Qur’onning to‘rtdan bir qismini, balki undan ziyodrog‘ini o‘qir edi. Men ibn Jarirdan ko‘ra Qur’onni chiroyli, tajvid qoidalariga to‘la amal qilib o‘qiydigan odamni ko‘rmadim”.

Shogirdlarining aytishicha, Muhammad ibn Jarir at-Tabariy asr namoziga qadar o‘zi kitob yozgan, keyin asrdan shomgacha shogirdlariga aytib turib yozdirgan, shomdan xuftongacha ilm bergan va xuftonni ado etib uyiga kirgan. U zot vaqtini juda ham tartibli ravishda ilm olish va ta’lim berishga taqsimlab, shunga qat’iy amal qilgan.

Imom Tabariy hijriy 310 yil shavvol oyida 86 yoshida vafot etdi. Alloh u zotni rahmatiga olsin.

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!