Er uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berildi

Er uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urbanizasiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida gi Farmoni qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi @huquqiy_axborot rasmiy kanalida ma’lumot berildi.

Farmon bilan mamlakatda urbanizasiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Xususan, unga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan:

  • yuridik shaxslar bino va inshootlari, sanoat infratuzilmasi ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
  • jismoniy shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turarjoyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
  • xususiylashtirish mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi;
  • jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk hisoblanadi va daxlsizdir;
  • xususiylashtirish faqatgina kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan holda hamda Hukumat tomonidan belgilanadigan miqdorlarda pullik asosda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Farmonga binoan, Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida gi qonun loyihasi va O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha urbanizasiyani rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizasiya agentligi hamda Urbanizasiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Urbanizasiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish Agentlikning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Yirik shaharlarga tutash aholi punktlari inventarizasiyadan o‘tkaziladi hamda amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra, 2019 yil 1 noyabrgacha o‘rta muddatli davrda yo‘ldosh-shaharlarga aylantiriladigan aholi punktlari ro‘yxati shakllantiriladi.

2019 yil 1 iyunga qadar 2020 2025 yillarda kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarining asosiy prognoz parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida urbanizasiyani tartibga solishni ta’minlash bo‘yicha Yo‘l xaritasi ham tasdiqlandi.

Yo‘l xaritasi doirasida Uy-joy kodeksi hamda Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi.

Manba: xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!