Dunyoning nasibasi

Dunyoning nasibasi

Umarul Foruq roziyallohu anhu xalifaligi davrida taniqli sahobalardan Abu Dardo roziyallohu anhuni Shomdagi bir amalga tayinlamoqchi bo‘ldi. U avvaliga qaysarlik qilib, ko‘nmadi. Ammo xalifa so‘zida qat’iy turib olganidan so‘ng rozi bo‘lib, o‘zining shartlarini qo‘ydi: «Ularga Robblarining Kitobini, Payg‘ambarning sunnatini o‘rgatishimga, jamoat namozini o‘qib berishimga rozi bo‘lsang, mayli, vazifani qabul qilaman».

Hazrati Umar rozi bo‘lgach, yangi voliy Damashqqa jo‘nab ketdi. U yerda odamlarning rohat-farog‘atga berilib, dunyo to‘plashga kirishib ketishganini ko‘rdi va tezda xalqni masjidga to‘plab, bunday xutba qildi: «Sizlarga ne bo‘ldiki, olimlaringiz ketib bormoqda, johillaringiz ulardan hech narsa olib qolmayapti?! Sizlarga ne bo‘ldiki, Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan narsaga iqbol qilib, sizning zimmangizga yuklagan narsani tark etyapsiz?! Sizlarga ne bo‘ldiki, yemaydigan narsangizni to‘playapsiz, yashamaydigan binolaringizni tiklayapsiz, yetisha olmaydigan orzularingizga intilyapsiz?!»

Keyinroq mo‘minlar amiri Umar ibn Xattob Islom hukmi ostidagi viloyatlarni tekshirish asnosida Shomga ham keldi. Yarim tunda do‘sti Abu Dardoni ziyorat qilgani bordi. Chiroq yo‘q xonada ikki do‘st suhbatlashib o‘tirishdi. Hazrati Umar qorong‘ida paypaslab, do‘sti qum-tosh ustida yashayotganini, ko‘rpa-to‘shagi ham yo‘qligini, egnida ham yupungina kiyim borligini payqadi. Amir yana paypaslab bildiki, Abu Dardoning ko‘rpa-yostig‘i ham yo‘q ekan. Bundan xijolat bo‘lib ketgan xalifa undan o‘zi yuborayotgan maoshlarni qayerga sarflayotgani haqida so‘radi. Shunda Abu Dardo: «Esingdami, ey Umar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sizning dunyodan oladigan nasibangiz musofirning xurjunidagi ozuqasi kabi bo‘lsin!» demaganmidilar?!» – dedi. O‘sha kuni ikki do‘st yig‘lab tong ottirishdi.

Alloh elchisining boshqa bir sahobasi, u zot solllallohu alayhi vasallamning: «Tuproqli yer ustida, moviy osmon ostida Abu Zarrchalik sodiq odam bo‘lmagan», – degan yuksak baholariga musharraf bo‘lgan Abu Zarr G‘iforiy ham dunyo moliga etak silkkan, oziga qanoat qilgan insonlardan edi. Bir kuni unikiga mehmon bo‘lib borgan kishi uy ichiga ko‘z yugurtirar ekan, hech vaqo topolmadi va taajjub bilan: «Ey Abu Zarr, jihozlaringiz qani?» – deb so‘radi. «Biz barcha jihozlarimizni u yoqdagi (ya’ni oxiratdagi) uyimizga jo‘natamiz», – deb javob qildi Abu Zarr. Mehmon uning nimani nazarda tutayotganini fahmlasa ham baribir hayrati yozilmadi: «Ammo modomiki, shu hovlida ekansiz, qandaydir matohlaringiz bo‘lishi kerak-ku!» «Shundayku-ya, biroq bu hovlining egasi bizni bu yerda abadiy qoldirmaydi-da!» – javob qildi Abu Zarr. Bundan sal oldinroq Shom amiri hojatlariga sarflashi uchun Abu Zarrga uch yuz dinor jo‘natganida pulni keltirgan odamga qarab: «Shom amiri Allohning mendan ko‘ra nochorroq bandasini topolmaptimi?» – deya hamyonni olishdan voz kechgan edi. Abu Zarr sahrodagi uyida vafot etganida esa, uni kafanlash uchun bir parcha mato topilmagan...

Bular oxirzamon Payg‘ambariga sodiq bo‘lgan ikki sahobaning hayotidan shingil lavhalardir.

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!