BUYRAK TRANSPLANTASIYASINI BOSHDAN KECHIRGAN QORAQALPOG‘ISTONLIK AYOL FARZANDLI BO‘LDI

BUYRAK TRANSPLANTASIYASINI BOSHDAN KECHIRGAN QORAQALPOG‘ISTONLIK AYOL FARZANDLI BO‘LDI

Surunkali buyrak yetishmovchiligi (terminal bosqichi) bilan kasallangan bemorlarning turmush tarziga nazar solar ekanmiz, ularning kun tartibi, hayot sifati boshqa bemorlarnikidan tubdan farq qiladi. Bemorlarning ko‘pchiligi gemodializ muolajasini olib yurishga majbur. Bitta bemor haftasiga 3 marta, 3-4 soatdan gemodializ zalida bo‘lishi uning ko‘pgina hayotiy yumushlardan chetlanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham buyrak transplantasiyasi — surunkali buyrak yetishmovchiligida yagona, samarali davolash usuli hisoblanadi.

— Buyrak transplantasiyasi amaliyotini o‘tkazgan bemorlar gemodializga ehtiyoj sezmaydi va albatta, o‘ziga va oilasiga bemalol vaqt ajrata oladi. Yosh bemorlar ilm olishda davom etishi, oliy o‘quv yurtlariga kirishi mumkin bo‘ladi. Kelajakka umid ko‘zlari bilan boqadi, oila quradi, — deydi malakali xirurg-transplantolog Zohidjon Matkarimov. — Bu shifokorlarning, bemorning yaqinlari va ayniqsa, o‘zining mashaqqatlari evaziga o‘rtaga chiqadi.

Qoraqalpog‘istonlik Anesiya Utagenova buyrak transplantasiyasi amaliyotini 2017 yilning dekabr oyida O‘zbekiston bo‘yicha birinchilardan bo‘lib boshdan o‘tkazgan bemorlardan biridir. U 2020 yilda turmushga chiqqan. Turmush qilishidan avval ham shifokorlarning jiddiy tekshiruvlaridan o‘tgan.

Yaqinda Anesiya to‘ng‘ich farzandini dunyoga keltirdi.

Zohidjon Matkarimovning ta’kidlashicha, buyrak transplantasiyasini boshdan o‘tkazgan bemorlarning tug‘ishini rivojlangan davlatlarda ham ko‘plab nefrologlar bo‘yniga olmaydi. Chunki homiladorlik bemorga salbiya ta’sir qilib, homila va bo‘lg‘usi onaning taqdiri xavf ostida qolishi mumkin.

— Yurtimizda tibbiyotga, ayniqsa, organ transplantalogiyasini rifojlatirishga qaratilgan e’tibor va yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli shunday natijalarga erishmoqdamiz, — deydi shifokor. — Agar bemor chet elda operasiya qilinganida, keyinchalik homilador bo‘lsa ham nazorat uchun xorijga ketishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa homilador ayolning yana sarson bo‘lishiga sabab bo‘ladi, albatta.

Anesiya Utagenova homiladorlik vaqtida ham malakali nefrolog, transplantologlarning nazoratida bo‘lgan. Quvonchli tomoni shundaki, uning 3 kilogram og‘irlikdagi farzandi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida tabiiy tug‘ish yo‘li bilan dunyoga keldi. Hozirda ona va bolaning ahvoli yaxshi. Ularga shifoxonadan ruxsat berildi.

— Hozir tibbiy nazoratimizda buyrak transplantasiyasi amaliyotini o‘tkazgan 3 nafar homilador ayol bor. Ular ham farzandlarining sog‘-salomat dunyoga keltirishi uchun sa’y-harakat qilmoqdamiz, — deya qo‘shimcha qildi Zohidjon Matkarimov.

Tabiiyki, tibbiyotimizda buyrak transplantasiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, hatto bemorlarning jarrohlik amaliyotidan so‘ng sog‘lom turmush tarziga qaytib, faol hayotga aralashib ketishi sohamizning jadal rivojlanib borayotganidan darak beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!