Berlinda Putin va Merkel uchrashuvi. Qat’iy muzokaralar kelishuvsiz tugadi

Berlinda Putin va Merkel uchrashuvi. Qat’iy muzokaralar kelishuvsiz tugadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Germaniya kansleri Angela Merkel Berlin yaqinida o‘tgan va aytarli rivojlanishsiz tugagan muzokaralarida Ukraina va Suriyadagi mojarolar, Eron masalasi va AQShning asabiga tegayotgan gaz quvurini muhokama etishdi, deb yozmoqda Reyter.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga hech qanday kelishuvga erishilmagani biroq ushbu uchrashuv Putin va Merkelning may oyida Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng «soatlarini to‘g‘rilab olishlari» uchun muhim bo‘lganini aytib o‘tgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng taranglasha boshlagandi.

Ikki yetakchi «Shimoliy Oqim-2» gaz quvuri Ukraina va AQShning qarshiliklariga qaramasdan, sof tijoriy loyiha ekanligi borasida fikr bildirishdi, degan Peskov.

«Shu sababli uni (gaz quvurini — tahr.) ehtimoliy uchinchi tomonning raqobatga doir bo‘lmagan va noqonuniy hujumlaridan asrash choralarini ko‘rib, pirovard natijada mazkur loyihani yakuniga yetkazishga erishishimiz darkor», — degan Peskov jurnalistlarga Putin muzokaralardan so‘ng Rossiyaga uchib ketishidan biroz avval.

Peskov aynan qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritmagan.

Muzokaralar avvalida Merkel xonim Ukraina Yevropaga gaz tranzit qilishda o‘zining yetakchi rolini davom ettirishi kerakligini ta’kidlab, mazkur masalada YEI, Ukraina va Rossiya o‘rtasida muloqot boshlanganini olqishlagan.

Magdeburgdagi hukumat qarorgohida chiqish qilishi asnosida Putin bularning barchasi tijorat maqsadida amalga oshishi kerakligini aytib o‘tgan.

«Asosiysi, biz uchun an’anaviy bo‘lgan Ukraina tranziti iqtisodiy talablarga javob berishi va barcha jabhalarda iqtisodiy ma’noga ega bo‘lishi kerak», — degan Putin.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Berlinga bosim o‘tkazib, Boltiq dengizi tubidan o‘tuvchi quvur yotqizilishini to‘xtatishga urinmoqda va mazkur loyiha Germaniyaning Rossiya energiya tashuvchilariga qaram qilib qo‘yadi degan fikrni ilgari surmoqda.

Peskov loyihada ishtirok etayotgan kompaniyalarga Amerika tomonidan sanksiyalar joriy etilishi tahdidi muzokaralar chog‘ida muhokama etilmaganini aytib o‘tgan.

Muzokaralar avvalida Putinning yonida turib bayonot bergan Merkel xonim har ikki davlat, biroq Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida Ukrainada va Suriyada jangovar harakatlarni to‘xtatishi kerak, degan fikrni bildirgan.

U Putin bilan suhbat chog‘ida inson huquqlariga oid murakkab masalani ko‘tarishni rejalashtirayotgani, ikki tomonlama munosabatlarni muhokama etishini aytib o‘tgan.

Har ikki yetakchi Suriyadagi vaziyat hamda yetti yillik urushdan so‘ng ko‘plab qochqinlarning og‘ir ahvolidan tashvishda ekanligini bildirib o‘tishgan.

Angela Merkel Idlibdagi va unga yaqin hududlardagi gumanitar inqirozni bartaraf etish muhimligini aytib, Sochida may oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Putin bilan konstitusiyaviy islohotlar va ehtimolli saylovlar mavzusida fikr almashishganini ta’kidlagan.

Putin jurnalistlarga suriyalik qochqinlarning o‘z vataniga qaytishlari uchun barcha yordam ko‘rsatilishi kerakligi, Suriyani tiklash uchun katta yordam zarurligini aytib o‘tdi.

Ukraina masalasida Merkel yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida Donbassdagi ajratuvchi chiziqning ikki tomonidagi mojaro ishtirokchilarini tinchlantirish uchun yangi choralar qabul qilinishidan umidvor ekanligini ta’kidlab o‘tgan.

Manba: kun. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!