Ash’ariy va Moturiydiylar adashganlar…mi?

Ash’ariy va Moturiydiylar adashganlar…mi?

Bu sarlavhadagi gap ixtilofchi bemazhablarning hozirda ko‘p tarqalmagan gaplaridan biri hisoblanadi. Bemazhablar aqiyda masalasida bir necha ixtilofni qo‘zg‘aganlar. Ammo, hozircha bu boradagi ixtiloflari asosan o‘zlarining orasida qolib kelmoqda. Biroq, “ash’ariy va moturiydiylar adashganlar” degan gap o‘ta xatarli bo‘lganidan va bu masalada bir qancha savollar kelib turganidan bu masalani ham yoritib qo‘yishni ma’qul ko‘rdik.

Imom G‘azzoliy ahli sunna va jamoa aqiydaviy mazhabining tarixi haqida so‘z yuritib quyidagilarni yozadi: «Kalom bir ilm bo‘lib uning maqsadi ahli sunnaning aqiydasini ahli bid’atning tashvishidan muhofaza qilish va qo‘riqlashdir. Alloh taolo O‘z bandalariga O‘z payg‘ambari tilida haq aqiydani ilqo qildi. Unda ularning dini va dunyosining salohi bordir. Shuningdek, uning haqida Qur’on va xabarlar nutq qildi. So‘ngra shaytonlar o‘z vasvasasi ila bid’atchilarga sunnatga xilof ishlarni ilqo qildi. Ular o‘sha ishlarni gapirdilar va ahli haqning aqiydasini buzmoqchi bo‘ldilar. Bas, Alloh bir toifa mutakallimlarni paydo qildi va ularning himmatini tartibga solingan kalom ila sunnatning nusrati yo‘lida harakatga soldi. Shu orqali ahli bid’atning sunnatga xilof ravishda chiqargan aldamchiliklari fosh qilinadi. Ana shundan ilmi kalom paydo bo‘ldi».

Biz bu gaplarga qo‘shimcha qilib aytamizki, ilmi kalom paydo bo‘lgan vaqtga kelib, aqiydaga oid masalalarga avvalgi vaqtlarga o‘xshab faqat Qur’on va sunnatdan dalil keltirish bilan kifoyalanish yetmay qolgan edi. Qarshi taraf aqliy dalil ham keltirishni talab qilar edi. Kalom masalalari bo‘yicha bahslar musulmon olamidagi o‘sha vaqtning ko‘zga ko‘ringan aqiydaviy mazhablari; ahli sunna va jamoa, mo‘’taziliylar, murji’iylar, xavorijlar va shiy’alar o‘rtasida bo‘lgan. Keyinchalik, Allohning kalomiga tegishli bahslardan, Allohning sifatlariga, Islom davlati boshlig‘i – imomga oid masalalarga, qazo va qadar masalalariga va hatto ba’zi fiqhiy masalalarga ham o‘tgan. Vaqt o‘tib turli xalq va toifalarning Islomga kirishlari bilan birga ularning aqiyda va fikrlari ham kirdi. Shu bilan birga nomusulmonlar tomonidan Islom aqiydalariga qarshi fikriy hujum va tanqidlar ham avj ola boshladi. Ana o‘sha hamlalardan Islom aqiydasini himoya qilish va ularga raddiyalar qilish uchun ilmi kalom sohiblari g‘ayrimusulmonlar bilan tortishuvlarni boshladilar.

Bu ishda ahli sunna va jamoa ulamolari ham, mo‘’tazilalar ham va boshqalar ham ishtirok etdilar. Avval bu tortishuvlar to‘g‘ri yo‘nalishda va bir maromda ketdi. Keyinchalik esa, boshqa ilm va sohalarda bo‘ladigani kabi turli burilishlar va xatolar yuzaga kela boshladi. Ilmi kalom bobiga bo‘lgan – bo‘lmagan turli – tuman masalalar aralashib ketdi.
Shuningdek, mutakallimlar orasiga ham har xil shaxslar aralashib ketdi. Natijada, haqiqiy ilmi kalomni soxtasidan, haqni botildan ajratib olish qiyin bo‘lib qoldi. Ana shunday og‘ir bir paytda sof Islom aqiydasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar yetishib chiqdilar. Ular Qur’oni Karim va Sunnat ta’limotlari asosida, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sahobalari uslubida aqiyda masalalarini yorita boshladilar. Ularga ahli Sunna va jamoa nomi berildi. Keyinroq odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun matnlarni ta’vil qilishga ham majbur bo‘lindi. Turli kitoblar bitildi. Ahli Sunna va jamoaning aqiyda bobidagi ta’limotlari to‘planib tartibga solindi. Oxiri kelib aqiydaviy mazhab bo‘lib shakllandi va o‘z imomlariga ham ega bo‘ldi. Ahli sunna val jamoa ismi bundan avval ham bor edi. Ammo keyinroq yuqorida nomlari aytib o‘tilgan turli firqalarga muqobil o‘laroq ayni shu ism ishlatila boshlandi. Ahli sunna deganda sunnatga yurganlarning yo‘li va hadisga amal qiladiganlar degan ma’nolarni ko‘zda tutilgan. Bu borada imom al-Ash’ariy va al-Moturidiylar ahli Sunna va jamoaning aqiyda bo‘yicha imomlari deb tan olindilar. Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida – imom Ash’ariy Basralik, imom Moturidiy Samarqandlik bo‘lsa ham va bir – birlari bilan ko‘rishmagan bo‘lsalar ham bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarini birdaniga ahli sunna va jamoa mazhabining imomi deb e’tirof qilishini bu mazhabning aqiydasi doimo barcha yurtlarda ma’lum va mashhur ekaniga yorqin dalildir.

Manbaalar asosida Toshkent shahar bosh imom-xatibi 

N. Xoliqnazarov tayyorladi

Manba: vakillik.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!