Angola va Yamanda faoliyat yuritgan qashqadaryolik shifokorlar viloyatda ish boshladi

Angola va Yamanda faoliyat yuritgan qashqadaryolik shifokorlar viloyatda ish boshladi

Angola va Yaman davlatidagi xususiy tibbiyot muassasalarida faoliyat ko‘rsatib kelgan 7 nafar qashqadaryolik shifokor viloyatda ish boshladi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov ma’lum qildi.

Yaman davlatining Xarab shahrida faoliyat ko‘rsatgan bolalar jarrohi Hakim Saidov hozir Kitob tuman tibbiyot birlashmasida bosh shifokor bo‘lib ishlamoqda. Xarab shahridagi klinikada faoliyat olib borgan boshqa bir mutaxassis, travmatolog-ortoped Murtoz Qodirov ayni paytda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ish boshlab, hamkasblari bilan tajriba almashmoqda. Angola davlatining Luanda shahridagi tug‘ruq muassasasida tajriba orttirgan akusher-ginekolog Nasiba Ergasheva esa viloyatdagi hamkasblariga xorij amaliyotini o‘rgatmoqda. Nefrolog, oftalmolog, bolalar jarrohi kabi mutaxassisliklarga ega Musaxon Amirov, Ibodulla Qodirov, Zilola Ro‘ziyeva, Ozoda Ismatovalar ham viloyat tibbiyot tizimida ish boshlashdi.

2018 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat sog‘liqni saqlash tizimiga respublika va xorijiy davlatdagi klinikalarda faoliyat ko‘rsatib kelgan 90 nafar shifokor jalb etilib, ular ishtirokida 56 ta murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi. 6500 ga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, hududiy mutaxassislar uchun mahorat darslari tashkil etildi.

Natijada viloyatda ilk marta respublika shoshilinch tibbiy yordam Qashqadaryo filialida laparoskopik operasiya amalga oshirildi. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida esa birinchi marta sun’iy bo‘g‘im qo‘yish bo‘yicha jarrohlik amaliyoti bajarildi.

Hozir viloyatda 5175 nafar shifokor, 32 ming 788 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatib keladi.

Manba: turon24.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!