Andijonda 100 yoshdan oshgan 42 nafar fuqaro saylovda ovoz berdi

Andijonda 100 yoshdan oshgan 42 nafar fuqaro saylovda ovoz berdi

Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi yoshi yuzdan o‘tgan 42 nafar fuqaro prezident saylovida o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berdi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, o‘tkazilayotgan ushbu saylovda 1 million 787 ming nafardan ziyod andijonlik saylovchi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Ularning 564 ming nafardan ortig‘ini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, shundan 75 ming nafari saylovda ilk bor qatnashmoqda. Saylovchilarning 222 ming nafarini 61 yoshdan yuqori bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Shundan 42 nafari yoshi yuzdan o‘tgan nuroniy otaxon va onaxonlar hisoblanadi.

Baliqchi tumanining «Charog‘on» mahallasida yashovchi, 14 nafar farzandning onasi, 70 dan ortiq nabira, 300 ga yaqin chevara va evaralarning buvisi hisoblangan Salomatxon aya Norqo‘ziyeva yaqinda o‘zining 106 yoshini qarshilaydi.

Onaxon 317-saylov uchastkasida saylovchilar ro‘yxatida qayd etilgan. Ammo uchastkaga bora olmasligi sababli komissiya a’zolari Salomatxon ayaning xonadoniga borgan. Keksa saylovchi qizi yordamida O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlardan biriga ovoz berib, saylov byulletenini ko‘chma saylov qutisiga tashladi. Onaxon O‘zbekistondagi tinchlik barqaror bo‘lishi, xalqimiz farovonligini tilab duo qildi.

2-Andijon saylov okrugi matbuot markazining ma’lumot berishicha, 10 ga yaqin 100 yoshdan o‘tgan saylovchilar saylov uchastkalariga borib ovoz bergan, qolgan keksa saylovchilar esa uyida turib, ko‘chma saylov qutisiga byulletenlarni tashlagan.

Xususan, 101 yoshli Tursunxon aya Sirojiddinova ham 81 yoshli qizi bilan saylov okrugiga kelib, munosib deb topgan nomzodiga ovoz berdi.

Yoshi yuzdan oshganlarning saylovda qatnashishi nafaqat Andijon viloyatida, balki mamlakatning boshqa nuqtalarida ham kuzatilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 102-yoshli Suyunbike Sharipova ham qatnashdi. Saylov okrugi xodimlari yoshi katta ayolning uyiga ko‘chma saylov qutisi bilan tashrif buyurdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!