Aliment to‘lamagan 4 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Aliment to‘lamagan 4 nafar shaxsga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Uchko‘prik tuman bo‘limi, tuman prokuraturasi va ma’muriy sudi tomonidan tumanda yashovchi to‘lov intizomiga rioya qilmayotgan 70 dan ortiq aliment to‘lovchi fuqarolar ishtirokida sayyor sud o‘tkazildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi xabar qilmoqda.

Sayyor sud jarayonida dastlab aliment to‘lovchi hamda aliment olayotgan shaxslar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularga qonun hujjatlari mazmun mohiyati tushuntirildi Shundan so‘ng, Uchko‘prik tuman ma’muriy sudi tomonidan aliment to‘lamayotgan shaxslarga nisbatan to‘plangan o‘nga yaqin ma’muriy ish ochiq sayyor sudda ko‘rib chiqildi.

Begobod qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.Abdunazarov sud buyrug‘iga asosan bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun 10 million so‘m hamda Gul qishlog‘ida yashovchi N.Turdimatov bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun 18 million so‘m aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.

Sayyor sud natijasiga ko‘ra 4 nafar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan to‘g‘ri xulosa chiqargan bir necha aliment to‘lovchilar qarzdorligini shu kunning o‘zida bartaraf etdi.

Shu bilan birgalikda, ochiq muloqot chog‘ida ko‘plab aliment to‘lovchilar ishsiz ekanliklari haqida ma’lum qilganliklari sababli tuman Bandlikka ko‘maklashish markazida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil qilindi va yarmarka jarayonida 6 nafar aliment to‘lovchi shaxslarga ishga joylashishi uchun yo‘llanma berildi. Bu esa o‘z navbatida, voyaga yetmagan farzandning sarmoyasi demakdir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!